Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamkorlik bo‘yicha komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi
20:35 / 2021-06-03

2021 yil 3 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayevning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari – Komissiyaning O‘zbekiston tomonidan hamraisi S.Safoyev va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisining o‘rinbosari – Komissiyaning Qozog‘iston tomonidan hamraisi A.Shakirov ishtirok etdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalarida hududlar, shu jumladan, chegaraoldi viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning roliga urg‘u berdilar.

Delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini amalga oshirish orqali parlamentlararo muloqotni faollashtirish, ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari deputatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini faollashtirish uchun Hududlar forumini o‘tkazish, gender tenglik sohasidagi hamkorlikni davom ettirish, Parlamentlararo ittifoq, YeXHT PA, MDH PA kabi parlamentlararo tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti huzuridagi Parlamentarizm instituti o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning ikkinchi qo‘shma majlisini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati delegatsiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyini borib ko‘rdi.

Mehmonlar muzey eksponatlaridan joy olgan zargarlik buyumlari, qurol-yarog‘lar, qo‘mondonlar va oddiy askarlar kiyimlari, musiqa asboblari, Ulug‘bekning astronomik asboblari va Temuriylar davriga oid ko‘plab boshqa eksponatlar bilan tanishdilar.

S.RAHIMOV, O‘zA