Bojxona qo‘mitasiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Chegaralarni boshqarish masalalari bo‘yicha sektor rahbari A.Koul boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda rais o‘rinbosari O.Choriyev tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining jahonda, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida olib borayotgan keng ko‘lamli faoliyati, shuningdek, UNODC loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlar doirasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yuqori baholandi.
Qayd etilganidek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘p qirrali hamkorlik va yordam bojxona xizmatining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishidagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va Jahon bojxona tashkilotining “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” Global dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida oldi olingan bojxona huquqbuzarlik holatlari hamda ushlab qolingan narkotik vositalari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, bojxona instituti professor-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” dasturi doirasida yangi “Port nazorati” guruhlarini shakllantirish, “Konteynerlar tashuvini nazorat qilish” dasturi va Bojxona qo‘mitasining Targetlash markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
BMT boshqarmasi ko‘magida Kinologiya markazi hamda Bojxona laboratoriyasida mintaqaviy tadbirlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikning yaqin istiqboldagi yo‘nalishlari belgilab olindi.
Delegatsiya a’zolari “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” bojxona postiga ham tashrif buyurdi. Postdagi “Aviayuklar nazorat guruhi” faoliyati o‘rganildi hamda guruh a’zolari tomonidan erishilgan natijalar va amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA