Guliston davlat universiteti rektori, professor M.Xodjiyev universitetning yaqin hamkori – Xitoy Xalq Respublikasining “Yangling” kasb-hunar va texnika kolleji o‘qituvchilari Zang Ven va Zou Venjelarni qabul qildi.
Muloqot davomida “Yangling” kasb-hunar va texnika kolleji prezidenti janob Zong Veyzouning 2024 yil 11 iyulda Guliston davlat universitetiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida tuzilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Uchrashuvda ushbu hamkorlikning o‘zaro manfaatli va muvaffaqiyatli davom etayotgani ta’kidlandi.

Mehmonlar o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichida ta’lim, ilmiy va innovatsion yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berishdi.
Xitoyda ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Yangling” kasb-hunar va texnika kolleji Guliston davlat universiteti bilan aloqalarini yanada mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Hamkorlik doirasida talabalar va o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashadi, innovatsion loyihalar amalga oshiriladi va zamonaviy texnologiyalar hamda ilmiy tadqiqotlar sohasida bilimlar almashinadi.

– Guliston davlat universiteti va “Yangling” kasb-hunar va texnika kolleji o‘rtasidagi hamkorlik har ikki ta’lim muassasasi uchun katta ahamiyatga ega. Bu aloqalar doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik almashinuvi, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish kabi imkoniyatlar yaratiladi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar bo‘yicha tajriba almashish jarayonini yo‘lga qo‘yish asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi, – deydi Guliston davlat universiteti kafedra mudiri Abdushohid Pazilov.–Uchrashuv davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu hamkorlik kelgusida universitetimizda xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini joriy etish, shuningdek, innovatsion yechimlarni ishlab chiqishga turtki beradi.
Tadbir yakunida Guliston davlat universiteti rektori M.Xodjiyev mehmonlarga do‘stlik va hamkorlik ramzi sifatida esdalik sovg‘alarini topshirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri