Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko boshchiligidagi delegatsiya Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, delegatsiya a’zolari viloyat hokimi Normat Tursunov boshchiligida Navoiy erkin iqtisodiy zonasidagi Sanoatni rivojlantirish kompleksida bo‘lib, bu yerda Tatariston bilan hamkorlikda qad rostlayotgan maxsus sanoat parkida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

“Master Navoiy” maxsus sanoat zonasining umumiy yer maydoni 64,4 gektarni tashkil etib, loyiha qiymati 178,9 million AQSH dollariga teng. Bu yerda asosan mashina texnikasi va metallni qayta ishlash, qurilish materiallari, elektrotexnika hamda kimyo sanoati tarmoqlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Korxona ishga tushirilishi natijasida 1600 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, yillik ishlab chiqarish hajmi 210 million AQSH dollarini va yillik eksport ko‘rsatkichi 100 million AQSH dollarini tashkil etishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida mehmonlar “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” sanoat parki taqdimoti bilan ham tanishdi. Shuningdek, bu yerda tashkil etilgan bog‘da yuqori martabali mehmonlar daraxt ko‘chatlarini ekdi.
Navoiy viloyati hokimligida tashkil etilgan uchrashuv davomida sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, avtomatlashtirish va kiberxavfsizlik, turizm, logistika sohalaridagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi. Shuningdek, kommunal tarmoqlarni raqamli boshqarish, energiyani tejash va aqlli uylar yo‘nalishida ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Uchrashuvda mutaxassislar almashinuvi va Qozondagi ob’ektlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, shuningdek, ilg‘or yechimlarni Navoiy shahrida amalga oshirish uchun tataristonlik mutaxassislarning viloyatga tashrifi bo‘yicha ham taklif bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA