Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamjihatlik yanada mustahkamlanadi
20:28 / 2022-09-29

Buxorodagi NNT va Do‘stlik uyida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yilligiga hamda O‘zbekistonda koreys millatiga mansub fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishining 85 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda viloyatdagi 11 ta milliy madaniyat markazlarining rahbar va a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamda koreys milliy madaniyat markazi hamkorligida o‘tkazildi.

[gallery-8975]

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova qatnashdi. Ta’kidlanishicha, davlatlarimiz o‘rtasida 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. 2006 yildan buyon davlatlarning o‘zaro hamkorligi Strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, so‘nggi to‘rt yilda hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi. 2017 va 2019 yillarda amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari natijasida imzolangan hukumatlararo bitimlar va tijorat shartnomalarining umumiy miqdori 22 milliard dollarni tashkil etdi. 2019 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar “alohida strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi.

– Koreyslar azaldan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ajralmas qismiga aylangan, uning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, – deydi Koreys milliy madaniyat markazi rahbari Li Rodion. – Respublikada koreyslar soni 180 mingdan ortiqni tashkil etadi. Tariximiz O‘zbekiston zaminida qanday sharoitda boshlanganini, oradan 85 yil o‘tganini unutmaymiz. 1937 yilning kuzida 54 ta poyezdda deportatsiya qilingan koreyslar asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga joylashtirilgan. Hammaga uy- joy yetmagan. Shuning uchun ko‘chmanchilar qo‘shimcha binolar (choyxona, otxona) va maktablarga joylashtirilgan. Ko‘pgina koreys oilalarini o‘zbeklar o‘z uyiga qabul qilgan, issiq ovqat bergan. Mustaqillik xalq an’analari, urf-odatlari va tilining saqlanishi hamda diasporaning yanada hamjihat bo‘lishi uchun yangi imkoniyatlar yaratib berdi. O‘zbekistondagi Koreys milliy madaniyat markazlarida koreyslar o‘z ona tillarini o‘rganadilar, boshqa etnik birlashmalar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining davlat va milliy bayramlarini hamda Sollal — koreyscha yangi yil, Tano — yoz bayrami va Chusok — hosil bayrami kabi koreys xalqining milliy bayramlarini nishonlaydilar. Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonda yashab kelayotgan koreyslar o‘zlarining yangi vatanlari ravnaqi va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda

Tadbirda koreys xalqining O‘zbekistonga kirib kelishi tarixi to‘g‘risidagi ma’ruzalar va namoyish etilgan videorolik yig‘ilganlarga katta qiziqish uyg‘otdi. Koreys milliy madaniyat markazi tomonidan tayyorlangan o‘zbek tilidagi kuy qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA