Shahrixon tumanidagi Ipak yo‘li mahallasi aholisi yangi yildagi ishlarga, xususan, odamlar o‘rtasidagi hamjihatlik yanada mustahkam, dehqonchilik ishlarining barokatli bo‘lishini niyat qilib, “darvishona” tadbirini o‘tkazishdi.
Mahalladagi 585 xonadon, 768 ta oilada 3 ming 100 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisi asosan, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi ushbu mahallada ham keyingi yillarda qurilish, obodonlashtirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– Shu kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi mahallaning Tinchlik ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Ne’matjon Ahmedov. – Bugun yurtimiz obod, hayotimiz tinch, dasturxonlarimiz to‘kin. Farzandlarimiz, nabiralarimiz bag‘rimizda, baxtli hayot kechirmoqda. Bu, eng avvalo, yaratganning bizga in’om etgan ulug‘ ne’mati, qolaversa, xalqimizning niyati xolis ekanligi, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan xalqchil siyosatning samarasidir.
Haqiqatdan ham bugun qaysi bir yurtdoshimiz bilan suhbatlashmaylik, qalblarida shukronalik, hayotdan mamnunlik, obod yurtdan faxrlanish tuyg‘ulari jo‘sh urayotganligini anglash u qadar qiyin emas. Ayniqsa, yoshlarimizdagi shijoat, intilish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni, ulardagi bilim va salohiyatni ko‘rib, ko‘ngil faxrga to‘ladi.
Ko‘klam arafasida xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni, ariqlarni tozalash, obodonlashtirish, sumalak sayli, hashar tadbirlarini o‘tkazish odamlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlovchi xalqimizning azaliy udumlaridan hisoblanadi. Shu kunlarda Ipak yo‘li mahallasida ham ana shunday obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, ariqlar tozalandi, mahalla qabristoni tartibga keltirildi.
–Mahallamizdagi xonadonlarda 27,3 gektar tomorqa maydoni bo‘lib, tomorqadan har bir oila, xonadon unumli va samarali foydalanadi, – deydi “Ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rahimjon Parpiyev. – Bundan tashqari, 61 nafar fuqaroga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga 14 gektar yer ajratib berilgan. Ushbu yerlardan odamlarimiz bir yilda ikki marta hosil olib, yaxshigina daromad olmoqda.
Mahalladagi 26 ta oila esa o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etgan. Ana shu issiqxonalarda yetishtirilayotgan podring, pomidor, karam, bulg‘or qalampiri singari sabzavot mahsulotlari yilning to‘rt faslida ham shahrixonliklarning dasturxoni to‘kin bo‘lishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Xonadonimizda 8 sotix maydonda issiqxona mavjud, – deydi Ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi Shukurillo Hojimatov. – Asosan, pomidor ko‘chat yetishtirib, tomorqasiga ekish uchun mahaldoshlarimizga, ortganini bozorda sotamiz. Ko‘chatlarning ma’lum qismini issiqxonada parvarishlab, ochiq yerlarga ekilgan pomidor pishgunga qadar bozorga yetkazib beramiz. Bu ishlar, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, tinimsiz mehnat qilish kerak. Shundagina mo‘l va sifatli hosil olish mumkin.
Shukrki, shu ishimiz, mehnatimiz ortidan kam bo‘lmadik. Yangi imoratlar soldik, farzandlarni bekam-u ko‘st o‘stirdik, to‘ylar qildik.
Mahalladagi yolg‘iz yashovchi keksalar, nogironlar, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarning ro‘yxatlari shakllantirilgan, davlatimiz tomonidan ularga zarur yordamlar berilmoqda. Bundan tashqari, ularga mahalla ahli, tadbirkorlar ham imkon qadar ko‘mak berib keladi.
“Mahalla yettiligi”, faollari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 100 nafar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 23 nafar yigit-qiz bilan ham manzilli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, ishsizlikni bartaraf etish, aholi bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil boshida qayd etilgan 88 nafar ishsiz fuqaroning tadbirkorlik, dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishlarida bandligini ta’minlab, yil oxiriga qadar ishsizlikka to‘la barham berish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, nizoli va ajrashish ostonasida turgan oilalarni mustahkamlash, namunali oilalardagi ibratli an’analar hamda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini ommalashtirish, fuqarolarning tibbiy, huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha ham xotin-qizlar faoli, imom va otinoyi, shifokorlar, “Oqila ayollar” harakati faollari birgalikda zarur ishlarni olib bormoqda.
“Darvishona” tadbirida to‘kin dasturxon atrofida jam bo‘lgan mahalla ahli bu yil amalga oshiriladigan ishlar maslahatini qilishdi. Xonadonlarga palov, sumalak tarqatildi. Yosh-u keksa bahoriy taomdan bahramand bo‘ldi.
Keksalarimiz hamjixatlik bor joyda fayz-baraka bo‘ladi, deb bejiz aytmagan. Shu ma’noda ushbu tadbir mahalla ahlining hamjihatligini mustahkamlash bilan birga, ularga ko‘tarinkilik ulashdi, kelgusidagi ishlarning barakali bo‘lishiga yo‘l ochdi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari