Nukusda “Oqila ayollar” harakati faollari forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Oqila ayollar – mahalla vijdoni” videoroligi namoyishi bilan boshlandi. Forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova va boshqalar so‘zga chiqib, “Oqila ayollar” harakati tomonidan amalga oshirilgan ishlar, oilani mustahkamlash va jinoyatchilikning oldini olishda o‘zaro hamkorlik samaralari xususida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-24301]
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Oqila ayollar" harakati bugungi kunda o‘z safida birgina Qoraqalpog‘istonda 7,5 ming nafarga yaqin faol ayolni birlashtirgan. 2022 yil 8 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "“Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan harakatning nizomi tasdiqlangan. Maqsad jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdir. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, mahalladagi ma’naviy muhitni saqlash ishlarida ular bosh bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda ayollarni ulug‘lash, ularga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, oliy ta’limda o‘qishlari uchun sharoitlarni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bir qiz bolani o‘qitsak, butun oilani, butun bir jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz”.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ayollar davlatimiz, hukumatimiz e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Birgina “Ayollar daftari” joriy etilishi ko‘plab ayollarga imkoniyatlar eshigini ochdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda 1 million nafardan ortiq ayol istiqomat qiladi, 500 mingdan ortiq oila mavjud. Har yili kamida 50-60 mingga yaqin ayollarga turli darajada ko‘maklar ko‘rsatiladi.
Yaxshi ishlar bilan birga, albatta, qayd etish joiz, muammoli masalalar ham bor. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolik sudlarda 900 ga yaqin oila ajrimga ariza bergan. FHDYO organlarida esa 138 oilaning taqdiri turibdi. Mahallalarga ham 400 ga yaqin oila nizolar tufayli murojaat qilgan. Bu oilalarda albatta voyaga yetmagan yana shuncha farzandlar bor. Birgalikda bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘lni qo‘lga berib ishlasak, muammolarga albatta yechim topsa bo‘ladi.
Shuning uchun faollar o‘zlari istiqomat qilayotgan mahallada, ko‘chada yoshlarga bosh-qosh bo‘lsa, azal-azaldan muqaddas hisoblangan oilaviy qadriyatlarni yoshlarga o‘rgatishdan charchamasa, to‘ylarni ixcham o‘tkazish masalalarini esdan chiqarmasa, yosh oilalarga oila sirlarini o‘rgatib borsa, nizolashayotgan oilalardagi nizolarni bartaraf etishga hissa qo‘shsa, fuqarolik pozitsiyamizni namoyon qilgan bo‘lar edi. Bu borada barcha birdek harakat qilishi, mahalladagi tashkilotlar hamjihatlikda ishlashi darkor. Shundagina davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Oqila ayollar” harakati “mahallaning vijdoni”ga aylanadi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, “Oqila ayollar” harakatining murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA