Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hamjihatlik, ahillik – eng katta boyligimiz
17:28 / 2022-12-13

E’tirof

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumini yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga, barcha tashkilotchilarga alohida minnatdorlik izhor etaman.

Forum “Gumanitar hamkorlik: o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzuiga bag‘ishlanib, munozara maydonlarida bir qancha dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar qilinmoqda, fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda. Bunday muloqotlar, albatta, kerak. Chunki bir-birimiz bilan yuzma-yuz uchrashamiz, o‘zaro tajriba almashib, kelgusi istiqbol rejalarini belgilab olamiz.

Men shu o‘rinda O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik hamda qardoshlik munosabatlari yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik asosida yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Bizni umumiy tarix, madaniy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi. Xalqlarimizning Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Abay Qo‘nonboyev kabi ulug‘ namoyandalari va boshqa ko‘plab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi bizning umumiy boyligimizdir.

Xalqaro siyosiy masalalarda ham O‘zbekiston va Qozog‘iston bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) va boshqa qator nufuzli tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda.

Yaxshi bilasiz, 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi. Teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Qator shaharlarimizda o‘zbek adabiyoti, kinosi kunlari tashkil etildi.

2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yili muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Uning doirasidagi tadbirlar san’at, fan, ta’lim va tadbirkorlik sohalari vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochdi. Qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Shuni ham katta mamnuniyat bilan qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish borasida ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri Abay nomida ekanligi, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi binosi oldida buyuk shoirning muhtasham haykali qad rostlab turganini yaxshi bilamiz. Ayni paytda Qozog‘istonda ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va e’tibor yuqori.

Yaqinda Qozog‘istonda tashkil etilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘zaro do‘stona munosabatlarimiz barqaror ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Men TURKSOY Bosh kotibi sifatida faoliyat ko‘rsatgan davrimda O‘zbekiston ushbu tuzilma doirasidagi qator tadbirlarda faol ishtirok etganini alohida mamnuniyat bilan yodga olaman. Bugun ham bu an’ana izchil davom etmoqda. TURKSOYning maqsadi o‘ziga xos qadriyatlar, madaniy merosni keng targ‘ib qilish orqali xalqlar o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlikni mustahkamlashdan iborat. Bu borada mamlakatingiz o‘z san’ati va madaniyati bilan turkiy dunyoda alohida o‘rin tutadi.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonning jadal taraqqiy etib borayotganini har qancha e’tirof etsak arziydi. Niyatimiz, o‘zbek va qozoq xalqlarining do‘stligi, ahilligi abadiy bo‘lsin.

Dyusen KASEINOV,

Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi.

O‘zA