Belarus Respublikasida “Hamdo‘stlik bolalari” X xalqaro madaniy-ma’rifiy forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur an’anaviy nufuzli tadbirda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmanistondan 14-17 yoshdagi maktab o‘quvchilari va ularning ustozlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qirg‘izistonlik hamkasblari tashabbusi bilan boshlangan "Hamdo‘stlik bolalari" forumi bugungi kunda MDH mamlakatlari yoshlari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan yaxshi an’anaga aylanganini qayd etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston kuni keng nishonlandi. Tadbirda mamlakatimizning boy madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari keng jamoatchilikka taqdim etildi.
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari xalq qo‘shiqlari va raqslarini ijro etdi hamda milliy o‘yinlar namoyish etilishini tashkil qildi. Shuningdek, forum ishtirokchilari o‘zbek musiqasi va adabiyoti bilan yaqindan tanishish, milliy taomlardan tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA