Isroil rasmiylari topshirilgan jasadlar 2014 yilda G‘azo sektorida halok bo‘lgan leytenant Hadar Goldinga tegishli ekanligini tasdiqladi, deb yozmoqda “Kazinform” axborot agentligi.
– Uzoq va og‘riqli 11 yildan so‘ng Isroilning marhum leytenanti jasadi bugun o‘z vataniga qaytarildi, - deb yozdi prezident Isaak Gersog ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ta’kidlanishicha, Goldin boshqa ikki askar bilan birga otishmada halok bo‘lgan, shundan so‘ng uning tanasi jangarilar tomonidan olib ketilgan. Hamasning qurolli guruhi qoldiqlar Rafoh hududidagi tunneldan topilganini aytmoqda.
Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Falastinning Hamas harakatini qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilishga va’da bergani xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil bir qator havo hujumlaridan so‘ng G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini tiklagan. Shundan so‘ng, Hamas G‘azodagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan isroilliklarning jasadlarini qidirishni kengaytirdi.
G.Sattorova, O‘zA