Mamlakatimizda keksalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, sog‘lig‘ini saqlash, ijtimoiy ahvolini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada keksalar va faxriylarning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish, jumladan, keksalar ichki turizmini rivojlantirish yuzasidan muhim hujjatlar qabul qilinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan keksa avlod vakillarining yurtimizdagi turistik va madaniy meros ob’ektlari hamda muqaddas qadamjolar bo‘ylab sayohatlarini tashkil etish, shuningdek, har yili 1 noyabrdan 30 noyabrgacha «Keksalar uchun turizm oyligi»ni tashkil qilish kabi tadbirlar belgilangan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan respublika “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Keksalar uchun turizm oyligi» doirasida Hazrati Imom majmuasida “Hazrati Imom ziyoratgohi – o‘zligimiz ko‘zgusi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori asosida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar va Toshkent viloyati mahallalarida jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan, ma’nan va jismonan barkamol farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan, oilada ham, jamiyatda ham munosib obro‘-e’tiborga ega bir guruh keksa avlod vakillari, nuroniylar ishtirok etdi.
Ziyoratchilar dastlab ajdodlar ruhiga atab qur’on tilovat qildi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda sayyohlik, jumladan, keksalar uchun ichki turizmni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar, “Xazrati Imom” ziyoratgohining tarixi va uning qaytadan bunyod etilish jarayonlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Jumladan, Hazrati Imom (Abu Bakr Qaffol Shoshiy) majmuasining qayta bunyod etilish tarixi, shu dargohda mangu qo‘nim topgan allomalar, Qur’oni karimning bu yerda saqlanayotgan noyob nusxasi - Hazrati Usmon Mushafi (milodiy 7 asr ) haqidagi batafsil ma’lumotlar nuroniylarda katta taassurot qoldirdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda xalq orasida Xastimom nomi bilan mashhur bo‘lgan Hazrati Imom Toshkentning diqqatga sazovor maskanlaridan biridir. Majmua Toshkent imomi, olim, Qur’on va hadis bilimdoni, Toshkentda islomning ilk targ‘ibotchilaridan biri, shoir va hunarmand Hazrati Imom (uning to‘liq ismi Abu Bakir ibn Ismoil Al-Qaffol Ash-Shoshiy) qabri atrofida bunyod etilgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, ajdodimiz u qulf va kalitlarni tayyorlash bo‘yicha usta ham bo‘lgan, shu sababli “Qaffol” (qulfchi) laqabini olgan, 72 tilni bilgan va Tavrotni arab tiliga tarjima qilgan.
Abu Bakr Qaffol Shoshiy 976-yilda, 73 yoshida dunyodan ko‘z yumgan.
Ushbu majmuaning me’moriy elementlari turli davrlarda barpo etilgan. “Qaffol Shoshiy” maqbarasi, “Baroqxon” madrasasi va “Mo‘yi Muborak” madrasasi 16 asrda qurilgan. “Nomozgoh” masjidi 18 asr va “Tilla Shayx” jome masjidi 20 asrda barpo etilgan.
Hazrati Imom majmuasida katta kutubxona mavjud.
Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilar majmua yaqinida joylashgan “Hazrati Imom” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati bilan tanishdi. Jamoatchilik ishlarida faollik ko‘rsatayotgan bir guruh mahalla faollariga respublika “Nuroniy” jamg‘armasining tashakkurnomasi topshirildi.
O‘zA