Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Halollikning huquqiy ildizi
20:23 / 2022-06-24

Insoniyat yaratilganidan buyon jamiyat hayotidagi barcha munosabatlarni tartibga solishda insoniy xususiyatlarni qamrab olgan axloq normalarining moddiylashtirilishidan kelib chiqqan tamoyillar keng qo‘llanilib kelinadi. Butun dunyo mamlakatlari huquqiy tizimidagi eng muhim tamoyillardan biri bu – halollik.

Halollik tushunchasi konseptual huquqiy asos bo‘lib, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish vositasi sifatida qaraladi. Insoflilik tushunchasi huquqiy qadriyat sifatida qonunning ijobiy jihatini ta’minlaydi. Uning ijtimoiy taraqqiyot ehtiyojlariga javob beradigan ijtimoiy tartibga solishni ta’minlashga qo‘shgan hissasini oshiradi. Huquq sohasida bu kategoriya tamoyil shaklida namoyon bo‘ladi.

bugungi kunda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Konstitutsiyamizning alohida moddalarida halollik va insoflilik tamoyillarini mujassamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalo urg‘uni Konstitutsiya muqaddimasiga berish zarurdir.

Konstitutsiya muqaddimasi jamiyatdagi barcha shaxslar manfaatlarini hisobga olgan holda, jamiyat a’zolarining ko‘pchiligi tomonidan e’tirof etilgan hamda eng umumiy va qisqa shaklda mustahkamlangan umuminsoniy manfaatlarning qonuniy ifodasi sifatida konseptual, shu bilan birga mustahkam mafkuraviy asoslarga tayanishi kerak.

Konstitutsiya muqaddimasida erkinlik, tenglik, hamjihatlik, adolat, halollik kabi konseptual masalalarning inobatga olinishi Asosiy qonunning matni uchun g‘oyaviy asos rolini bajaradi. Shuningdek, Konstitutsiya matnining asosiy qismidagi normalarni haqiqiy konstitutsiyaviy amaliyotda amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu jihatdan, muqaddimada erkinlik, tenglik, adolat, halollik va oila a’zolarining hamjihatligi jamiyatning asosi ekanligi haqidagi norma mavjud bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Bu singari normalar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt kabi hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, erkinlik, tenglik, adolat, halollik va hamjihatlik bilan bog‘liq normalarni Konstitutsiyada aks ettirish Latviya hamda Qozog‘iston konstitutsiyaviy amaliyotida ham mavjud.

Halollik nafaqat ijtimoiy munosabatlarda, balki raqobat munosabatlarida ham zarur omildir. Halol (insofli) raqobat prinsipini Konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish orqali uning konstitutsiyaviy kafolatlarini ta’minlash, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan birgalikda mamlakatimizda raqobat munosabatlarini rivojlantirish imkoniyatini yanada yaxshilaydi. Bu esa nafaqat tadbirkorlik faoliyati balki, iste’molchilar huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Aksariyat zamonaviy davlatlarda konstitutsiyaning raqobat munosabatlarini tartibga solishdagi roli uning butun milliy huquq tizimining asosiy manbai sifatidagi pozitsiyasi bilan belgilanadi. Konstitutsiya eng yuqori yuridik kuchga ega bo‘lib, amaldagi qonun hujjatlarini o‘zgartirish tartibidan farqli ravishda alohida tartibda qabul qilinadi va o‘zgartiriladi.

Shu tufayli ham halol raqobatning konstitutsiya darajasida qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatda qonuniy raqobat olib borilishining barqarorlashuvi, tadbirkorlar o‘rtasida mas’uliyatning ortishi va iqtisodiy munosabatlarda o‘zaro ishonchlilikni ta’minlaydigan darajada samaradorlikka erishish uchun muhimdir. Shu bilan birga bu raqobatga oid amaldagi qonun hujjatlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan huquqiy hujjat vazifasini o‘taydi.

Shu jihatdan ham halol (insofli) raqobatga oid normalarning Konstitutsiyadagi ifodasi orqali tadbirkorlar va davlat idoralarining Konstitutsiyaga muvofiq ishlashi ta’minlanadi. Davlatning barcha qonunchilik va boshqa huquqiy choralari Konstitutsiyaga mos ishlashiga erishiladi.

Shuningdek, raqobatga zid harakatlar sifatida mavqeni suiiste’mol qilish va insofsiz raqobat taqiqining Konstitutsiyada aks ettirilishi davlatga iqtisodiy faoliyat erkinligini ta’minlash va halol (insofli) raqobatni qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yuklaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Jamiyatning iqtisodiy negizlari” bobi 53-moddasiga quyidagi norma kiritilishi iqtisodiyotning samarali mexanizmini ta’minlaydi.

“Davlat tadbirkorlik sohasida erkin va halol raqobatni himoya qilishni ta’minlaydi. Bozordagi ustun mavqeni suiiste’mol qilishga, raqobatni qonunga xilof ravishda cheklashga va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat iste’molchilar huquqlarini himoya qiladi, mahsulotlar hamda barcha turdagi xizmatlar, ishlarning sifati va xavfsizligi ustidan nazoratni ta’minlaydi.”

Mazkur prinsiplarni Konstitutsiyada aks ettirish Belarus, Ukraina, Rossiya hamda Qozog‘iston konstitutsiyaviy amaliyotida ham mavjud.

Maxsuda TOJIBOEVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti

“Biznes huquqi” kafedrasi o‘qituvchisi

O‘zA