Namangan viloyati sudida korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar sudining sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan yig‘ilishda barcha hududlar korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish, shuningdek, sudlarda ushbu illatga nisbatan kurashni shakllantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.


Dastavval, viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Avazbek Inomov tomonidan mavzuga doir ko‘rgazmali ma’ruza qilinib, unda korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, unga qarshi kurash choralari haqida ma’lumot berildi. Oliy sud tomonidan ham odil sudlovni amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish, buning uchun sudyalar va tizim xodimlari o‘rtasida mazkur illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgani ta’kidlanib, ularning ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.


– Korrupsiya davlatning taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi eng xavfli illatlardan biridir. U iqtisodiyotni yemiribgina qolmay, xalqning ishonchini ham yo‘qotadi. Shuning uchun unga qarshi kurash nafaqat davlat idoralarining vazifasi, balki har bir fuqaroning vijdoniy burchi bo‘lishi kerak, – deydi Namangan viloyati sudining sudyasi Avazbek Inomov. – Agar har bir inson pora bermaslikni o‘z burchi deb bilsa, davlat xizmatchisi esa halol mehnatni hayot qoidasiga aylantirsa, jamiyatimizda adolat, poklik va ishonch muhiti qaror topadi. Esda tutish joiz, halollik – eng katta boylik, vijdon – eng katta himoya demak.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.