Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Halol ta’lim — milliy yuksalish poydevori
16:54 / 2026-03-06

Bugungi shiddatli zamon va jahon hamjamiyati oldida turgan global muammolar korrupsiyaga qarshi kurashni kechiktirib bo‘lmas vazifaga aylantirdi. Xalqaro tahlillar shuni ko‘rsatadiki, korrupsiya nafaqat iqtisodiy taraqqiyotni jilovlaydi, balki jamiyatning eng muhim tirgagi bo‘lgan adolat va ishonch tamoyillarini yemiradi. Shu bois, yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashish davlat siyosatining strategik yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar qanchalik harakat qilmasin, agar xalqimiz bu jirkanch illatga nisbatan murosasiz bo‘lmas ekan, biz bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz”. Bu fikr zamirida katta haqiqat mujassam — korrupsiyaga qarshi kurash avvalo ta’lim va tarbiyadan, inson ongidagi o‘zgarishdan boshlanishi shart.

Shu ma’noda, 2017-yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda keyingi yillardagi Prezident farmonlari mamlakatimizda shaffof tizimni yaratish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi. Ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarda, xususan, ta’lim tizimida halollik muhitini qaror toptirish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Zero, ta’lim sohasidagi adolatsizlik nafaqat bir insonning, balki butun bir avlodning taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar sohadagi islohotlarning amaliy ifodasidir. Universitet jamoasi ta’lim jarayonida inson omilini kamaytirish va raqamli boshqaruvni joriy etishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Bugungi kunda 5 mingdan ortiq ishtirokchini qamrab olgan sotsiologik so‘rovnomalar tizimdagi ochiqlik darajasini tahlil qilish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish imkonini bermoqda.

Kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham doimiy e’tiborda. 2026-yilning dastlabki oylarida universitetning 90 nafar pedagog xodimi davlat xizmatida halollik va korrupsiyaga qarshi menejment tizimi bo‘yicha xalqaro andozalarga mos kurslarda tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bu jarayonda yoshlarning ishtiroki ham alohida ahamiyatga ega: 8 mingdan ortiq talaba maxsus antikorrupsiyaviy dasturlar orqali o‘z huquqiy madaniyatini yuksaltirdi.

Universitet hayotida manfaatlar to‘qnashuvini baholash va “yo‘l xaritalari” asosida ishlash an’anaga aylandi. “Stop korrupsiya”, “Halollik bizdan boshlanadi” kabi ijtimoiy loyihalar orqali nafaqat universitet ichida, balki keng jamoatchilik orasida ham aksilkorrupsiyaviy immunitet shakllantirilmoqda. Ayniqsa, kirish va yakuniy baholash jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilgani jamoatchilikning tizimga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada oshirdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinmi, korrupsiyaga qarshi kurash — bu shunchaki huquqiy choralar majmui emas, balki vijdon va mas’uliyat ishidir. Davlatimiz rahbari aytganlaridek, “Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uning barvaqt oldini olish tizimiga o‘tishimiz kerak”. Jizzax davlat pedagogika universiteti misolida ko‘rayotganimizdek, halol ta’lim muhiti Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlariga erishishda eng ishonchli kafolatdir. Zero, yuksak ma’naviyatli va huquqiy madaniyatli avlod voyaga yetgan jamiyatdagina har qanday illat o‘z-o‘zidan barham topadi.

Shohrux Qayumov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti
Jismoniy tarbiya va sport fakulteti
v.b. dotsenti, p.f.f.d. (PhD)
O‘zA