Arnasoyda chorva boqish oddiy kasb emas — bu yerda u hayot tarzi. Ko‘zlarida qat’iyat balqib turgan Jamshid Pardayevga qarab, shu fikrga kelasiz. Yoshi uncha katta bo‘lmasa-da, u tanlagan yo‘l yengil emas. Ammo aynan shu og‘irlik uni pishitgan, qarorlarini mustahkam qilgan.
Uning qiyofasida qishloqqa xos xotirjamlik, mehnatga o‘rgangan odamga xos vazminlik bor. Jamshid uchun chorva — shunchaki daromad manbai emas. Bu — oilasi uchun rizq, farzandlari uchun ertangi kunga ishonch, qishloqdoshlari uchun esa tirik ibrat.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 24 avgustdagi “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori Arnasoyda ham amaliy mazmun kasb etmoqda. Biroq har qanday qarorning hayotda samara berishi uni qabul qilgan hujjatda emas, balki uni ijro etayotgan insonda namoyon bo‘ladi. Jamshid Pardayev ana shu ijroni o‘z mehnati bilan ko‘rsatayotgan yoshlardan.
U o‘z xonadonida zamonaviy talablarga javob beradigan molxona tashkil etgan. Bu yerda bugun 20 boshga yaqin qoramol bor. E’tiborlisi, u mol soni ortidan quvmagan — natija ortidan borgan. Ratsion, parvarish, oziqlantirish qat’iy hisob-kitob asosida yo‘lga qo‘yilgan.

— Avvaliga “qishloqcha usul” bilan ishladik, — deydi u xotirjamlik bilan. — Ozuqa bor edi, lekin tartib yo‘q edi. Mutaxassislar bilan maslahatlashib, silos ozuqasini joriy qildik. Ana shunda farqni ko‘rdik.
Bugun uning sog‘in sigirlari kuniga o‘rtacha 25–30 litrdan sut beryapti. Bu raqam tasodif emas — halol mehnat, belgilangan ratsion va sabr natijasi.

Jamshid bu ishni faqat bugun uchun qilayotgani yo‘q. Uning rejalari katta. Kelgusida naslli mollar sonini oshirish, kichik sutni qayta ishlash sexi ochish, qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash niyati bor. Eng katta orzusi esa — bolalari qishloqda qolib, otasining mehnati bilan faxrlanib o‘sishi.
— Mehnatdan qochmasang, chorva ham seni aldamaydi, — deydi u. — Davlatimiz yaratgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish kerak. Qolgani insonning niyatiga bog‘liq.
Jamshid Pardayev boshlagan ishi bilan ayrim yoshlar ongidagi “xorijga chiqmasang, ro‘zg‘or bo‘lmaydi” degan xomxayollarni inkor etmoqda. U o‘z misolida tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida ham halol mehnat qilib, munosib yashash mumkinligini isbotlayapti.
Arnasoy saharlari esa har kuni uning orzulari bilan birga uyg‘onmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA