Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Halol mehnat munosib ragʻbatlantirilganda...
20:17 / 2019-08-31

Viloyat hokimligining “Qabullar uyi”da ushbu mukofotlar oʻz egalariga tantanali topshirildi.

“Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!“

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28 va 29-avgust kunlari qabul qilingan farmonlariga muvofiq Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz safida Sirdaryo viloyatidan ham bir guruh turli soha vakillari, faxriylar va yoshlar bor.

Viloyat hokimligining “Qabullar uyi”da ushbu mukofotlar oʻz egalariga tantanali topshirildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari va Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyat, tuman shahar hokimlari keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimi Gʻofirjon Mirzayev va boshqalar mamlakatimizda yoshlar tarbiyasi, aholi salomatligi, yurt obodligi, xalqimiz farovonligi va tinchligi yoʻlida qilingan halol mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib ragʻbatlantirilishini alohida taʼkidlab, tadbir qatnashchilarini xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik ayyom bilan samimiy qutladi.

Prezidentimizning farmonlariga koʻra Sirdaryo viloyatidan davlat mukofotiga sazovor boʻlganlar orasida turli soha vakillari bor. Xususan, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganlar viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo-Mega-Lyuks” qoʻshma korxonasi direktori Muhiddin Normatov, “Doʻstlik” ordeni bilan Mirzaobod tumani tibbiyot birlashmasining “Oqoltin” qishloq vrachlik punkti mudiri Dilorom Qurbonova, Guliston shahridagi “Beton sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ilhomjon Karimov hamda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Bahodir Yusupovlar, “Jasorat” medali bilan Oqoltin tumanidagi hunarmand-tikuvchi Mahliyo Mamaroziqova, “Kelajak bunyodkori” medali bilan Sirdaryo viloyati “Temur Med Farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh texnologi Azamat Abdunazarov, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan Xovos tumani hokimi Rahimjon Boboyev, “Shuhrat” medali bilan 100 yoshdan oshgan Sayxunobod tumanida yashovchi piru badavlat onaxon Sharafat Yarlakabova, respublika “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi, hunarmand Oʻktam Shodmonqulov, Mirzaobod tumanidagi “Sirdaryo momiq quyonlari” fermer xoʻjaligi boshligʻi Ravshanbek Bozorboyev, Guliston shahridagi “Nissan trans servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Vasiliy Mirzayev, “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatining 2-qozon turbina sexi boshligʻi oʻrinbosari Ikrom Xudoyberdiyevlar borligini alohida taʼkidlash lozim.

Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan sirdaryoliklar bunday oliy eʼtirofi uchun Davlatimiz rahbariga oʻzlarining samimiy minnatdorlik bildirib, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda bor kuch-gʻayratlarini ayamaslikka vaʼda berdilar.

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaatlari mujassam, – deydi “Doʻstlik” ordeni sohibi Mirzaobod tumani tibbiyot birlashmasining “Oqoltin” qishloq vrachlik punkti mudiri Dilorom Qurbonova. – Xalqimiz salomatligi yoʻlida amalga oshirgan kamtarona mehnatlarimni shunday yuksak mukofotga loyiq koʻrgan Prezidentimizdan chin dildan minnatdorman. Ushbu yuksak Davlat mukofoti men orqali barcha sirdaryolik tibbiyot xodimlarining mehnatiga berilgan munosib baho deb oʻylayman. Kelgusida ham xalqimiz salomatligini muhofaza qilish uchun bor kuch-quvvatim, tajribam va bilimimni ayamayman.

Tadbirda Prezidentimiz nomidan yuksak mukofotlarni oʻz egalariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Norboyeva, viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayevlar topshirdi.