9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
Korrupsiya – jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazuvchi xavfli jinoyat bo‘lib, u qaysidir mamlakat yoki mintaqada to‘liq bartaraf etilgan, deya olmaymiz. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha poraxo‘rlik hajmi yiliga 1 trillion dollar deb baholanmoqda. Jahon iqtisodiyoti korrupsiyaviy faoliyat oqibatida yana 2,6 trillion dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotmoqda.
Bu esa global yalpi ichki mahsulotning 5 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlardagi korrupsiya bilan bog‘liq yo‘qotishlar rivojlanish maqsadlari uchun ajratiladigan rasmiy yordamdan 10 baravardan ko‘proq.
Har yili 9 dekabr kuni butun dunyoda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni nishonlanadi. BMT tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu sana jamiyat, biznes va davlat boshqaruvidagi eng og‘ir muammolardan biri -korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarbligini yana bir bor esga soladi.
Bugungi global iqtisodiyotda korrupsiya nafaqat davlat byudjetiga milliardlab zarar yetkazmoqda, balki jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik, ishonchsizlik muhitini kuchaytirmoqda. Shu sababli korrupsiyaga qarshi tizimli kurash faqat iqtisodiy emas, balki ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy barqarorlik uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash borasida sezilarli islohotlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishi, davlat xaridlarining raqamlashtirilishi, litsenziya va ruxsatnoma jarayonlarini soddalashtirish ushbu illatning oldini olish choralarini sezilarli yaxshiladi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida ochiqlik standartlarini kuchaytirish orqali korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazoga asoslanmasdan, balki tizimli profilaktika, raqamlashtirish va boshqaruvni zamonaviylashtirish orqali olib borilmoqda.
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni jamiyatni halollik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida qayta qurishga undovchi chaqiriq. Korrupsiya barcha davlatlar uchun umumiy bo‘lsa-da, unga qarshi kurashning muvaffaqiyati har bir mamlakatning siyosiy irodasi, jamiyatning faolligi va har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyatiga bog‘liq.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA