Filippinda 114 kishining hayotiga zomin bo‘lgan kuchli “Kalmaegi” to‘foni endi Vetnam tomon harakatlanmoqda. Ob-havo mutaxassislari shamol tezligi oshayotgani, dengizda 8 metrgacha to‘lqin ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Hukumat sohil bo‘yi aholisini ko‘chira boshladi, 6 shaharda aeroport yopildi, 50 dan ziyod parvoz bekor qilindi. Bosh vazir o‘rinbosari Tran Xong Xa bo‘ronni “g‘ayri oddiy va xavfli” deb atadi.
Avvalroq Filippin Prezidenti Ferdinand Markos mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan, 400 000 dan ortiq fuqaro uyini tark etishga majbur bo‘lgandi. Ko‘pchilik suv toshqini oqibatida halok bo‘lgan, yuzlab odam bedarak yo‘qolgan.
Mahalliy rasmiylar ofatni “misli ko‘rilmagan falokat” deb atadi. Ayrim shaharlarda butun mahallalar loy ostida qolgan, juda ko‘p odam suv bosgan uyi yonida yordam kutyapti.
Bo‘ron hozir Vetnam sohiliga yaqinlashmoqda, Tailandda ham favqulodda ogohlantirish berilgan. Mutaxassislar taxminiga ko‘ra, “Kalmaegi” keyingi kunlarda Janubi-sharqiy Osiyoda yangi falokatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA