Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 martdagi «Vatan himoyasi va el- yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar va tegishli komissiyalar tashkil etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yo‘ldoshev bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, ofitserlar tarkibidagi halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning nomlari Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga biriktirildi. Hamda Mudofaa vazirligi tizimida Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalari harbiy qism va muassasalar tomonidan otaliqqa olindi.
Shuningdek, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolariga belgilangan imtiyoz va kafolatlarni tatbiq etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda O‘zbekiston Respublikasining «Faxriylar to‘g‘risida»gi, «Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi va «Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunlari loyihalarini ishlab chiqishga kirishildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalarini otaliqqa olgan harbiy qism va muassasalar tomonidan har yili marhum harbiy xizmatchi nomi bilan tanlovlar tashkil etilishi va xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarga bag‘ishlangan xotira burchaklarini yaratish belgilandi.
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va yaqinlarining xonadonlariga tashriflar uyushtirilib, ularga ma’naviy va moddiy ko‘mak ko‘rsatiladi. Ularning yashash xonadonlarida hamda dafn etilgan joylarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA