English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hali hududiy mutanosiblik ta’minlanmagan
12:37 / 2026-03-05

Jizzax viloyatida jamoat transportiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tdi. Muhokama oddiy hisobot bilan cheklanmadi, balki tizimdagi uzoq yillik muammolarni ochiq ko‘tarishga qaratildi. Endi masala — aytilgan gaplarda emas, amaliy yechimlarda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat aholisining 26,8 foizi jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkich ijobiy dinamika sifatida talqin qilinishi mumkin. Biroq tahlil nuqtai nazaridan qaralsa, aholining qariyb to‘rtdan uch qismi tizimdan tashqarida qolmoqda. Demak, jamoat transporti hali ommaviy va muqobilsiz xizmat darajasiga chiqmagan.

O‘tgan yili 101 ta yangi avtobus olib kelingani, elektron to‘lov tizimi joriy etilgani — muhim qadam. Imtiyozli tariflar aholini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Ammo transport tizimi texnika va chegirmalar bilan emas, barqaror jadval, qulay yo‘nalish va intizom bilan ishlaydi. Agar avtobus o‘z vaqtida kelmasa, eng zamonaviy to‘lov tizimi ham ishonch uyg‘otmaydi.

Tahlillar 120 ta mahallada avtobus qatnovi mavjud emasligini ko‘rsatdi. Bu hududiy mutanosiblik ta’minlanmaganini anglatadi. Ayrim mahallalar zamonaviy avtobuslar bilan qamrab olingan bo‘lsa, boshqalarida aholi hanuz tasodifiy mikroavtobus yoki yengil avtomobillarga muhtoj. Bunday tafovut transport siyosatining yaxlit emasligini ko‘rsatadi.

Bekatlar holati ham jiddiy muammo sifatida tilga olindi. Mavjud 535 ta bekatning ma’lum qismi talabga javob bermaydi. Ayrim hollarda bekatlar tadbirkorlik ob’ektiga aylantirilib, yo‘lovchi kutadigan joy qisqartirilgan. Avtobuslar uchun maxsus to‘xtash joylarining yetishmasligi harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratilmagani esa ijtimoiy adolat tamoyiliga zid.

Yig‘ilishda barcha mahallalarda qayta xatlov o‘tkazish va aniq dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu qaror natija berishi uchun tahlil chuqur, reja aniq va ijro qat’iy bo‘lishi shart. Aks holda, muammolar yana hisobot raqamlari orasida qolib ketadi.

Jamoat transporti — bu oddiy qatnov vositasi emas. U mehnat bozoriga chiqish imkoniyati, ta’lim va tibbiyot xizmatlariga yetib borish sharti, aholi turmush sifati ko‘rsatkichidir. Shu bois masala avtobus sonini ko‘paytirishda emas, tizimni samarali boshqarishda.

Muhokama tanqidiy ruhda o‘tdi. Endi ushbu tanqid amaldagi o‘zgarishlarga aylanishi kerak.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA