Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining iqtisodiy sudga taalluqli nizoga doir hal qiluv qarori yuzasidan ushbu qarorni olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida iqtisodiy sudga hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish haqida ariza berish yo‘li bilan nizolashishi mumkin...
Hakamlik sudining iqtisodiy sudga taalluqli nizoga doir hal qiluv qarori yuzasidan huquqlari va majburiyatlari haqida hakamlik sudi hal qiluv qarorini qabul qilgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar ham nizolashishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risida ariza berilganligi nizo bo‘yicha ish yuritish iqtisodiy sud tomonidan tugallanguniga qadar hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijrosi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi qanday?
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan sud muhokamasiga tayyorlayotganda iqtisodiy sudda nizolashilayotgan hal qiluv qaroriga oid ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha talab qilib olishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari:
1. Hakamlik bitimi qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra haqiqiy emasligini;
2. Hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalaridan ajratib olish mumkin bo‘lsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalari bo‘lgan qismi bekor qilinishi mumkin;
3. Hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
4. Hakamlik sudining hal qiluv qarori «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
5. Hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) to‘g‘risida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini.
Agar hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan nizo qonunga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti bo‘lmasa yoki nizo hakamlik sudi tomonidan «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi talablarini buzgan holda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa yoxud hakamlik sudi ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini qabul qilgan bo‘lsa, hakamlik sudining hal qiluv qarori iqtisodiy sud tomonidan bekor qilinishi kerak.
G‘ayrat MASHKUROV,
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi