Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hakamlik sudi biznes vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi
18:51 / 2021-06-23

23 iyun kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjuman O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi faoliyati va uning qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Hakamlik sudi maqsad va vazifalariga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov assambleya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga asosiy e’tibor berish bilan bir qatorda uning huzurida ish boshlagan Hakamlik sudi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida duch keladigan muammolarni yechishda ko‘makchi bo‘lishini ta’kidladi.

Joriy yilning 10 fevralida faoliyatini boshlagan assambleya o‘zida 12 uyushmani birlashtirmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar va davlat idoralari o‘rtasidagi mavjud bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirish, ular uchun muloqot platformasini yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, assambleya tizimdagi muammolarga yechim topish, chet ellik investorlarni jalb qilishda davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlash hamda xorij tajribasi va savdo tijorat ilmini amaliyotga tatbiq etish kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilgan.

– O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Hakamlik sudi O‘zbekiston Respublikasining "Hakamlik sudlari to‘g‘risida"gi qonuni talablari doirasida tashkil qilindi, – dedi Muxtor Umarov. 

[gallery-2899]

–Uning asosiy vazifasi har qanday tashkiliy huquqiy shakldagi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida mavjud bo‘lgan shartnomaviy munosabatlar davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchilik, ixtilof va nizolarni adolat tamoyili asosida xolisona ko‘rib chiqishdir. Shu bilan birga, assambleya huzurida "Yurinform" konsalting markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u keng qamrovli amaliy huquqiy xizmatlar orqali biznes vakillarining huquq va manfaatlari himoya qiladi.

O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov qayd etganidek, joriy yilning 21 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi ham tadbirkorlar manfaati bilan bog‘liq bo‘lgan muhim hujjat hisoblanadi. Unga ko‘ra, mebelsozlikni rivojlantirish uchun davlat tomonidan 2021-2024 yillarda mebel ishlab chiqaruvchilari xomashyoni chetdan import qilishdagi transport xarajatining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilsa, eksport qilishda 50 foiz transport xarajatlari davlat tomonidan subsidiya qilinishi belgilab berilgan.

Tadbirda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Hakamlik sudi ishini takomillashtirish maqsadida assambleya huzurida yo‘lga qo‘yilgan huquqiy xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan "Yurinform" konsalting markazi faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur markaz ham bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha tezkor, sifatli va amaliy huquqiy xizmatlar ko‘rsatish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining tayanchi va ishonchiga aylanish choralarini ko‘rmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA