Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hajviyalarida riyokor amaldorlarni fosh etgan So‘fizodaga qanday ayblar qo‘yilgan?
08:40 / 2021-01-29

Vatanimiz tarixidagi 29 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1880 yil (bundan 141 yil oldin) – So‘fizoda taxallusi bilan ijod qilgan ma’rifatparvar, murabbiy, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammadsharif Egamberdi tavallud topdi (vafoti 1937 yil). U “Vahshiy” taxallusi bilan mansab-martaba yo‘lida o‘z millatini sotib ketuvchi xoin va riyokor mahalliy amaldorlarni fosh etuvchi keskin hajviyalar yozgan. Ushbu hajviyalar uchun u dahriylikda ayblanib, qatl etishga hukm etilgan. Shoir qochishga, 1900–1913 yillarda ona diyoridan uzoqda hayot kechirishga majbur bo‘lgan. U sho‘ro hukumati tomonidan tazyiq ostiga olinib, 1937 yilda qatag‘on qilingan.

1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Xiva xoni Asfandiyorxon Toshkentga kelib Turkiston general-gubernatori Aleksey Kuropatkin bilan uchrashdi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi o‘zining 737-qarorini ovozga qo‘ymasdan qabul qildi va Bosh Assambleyaga O‘zbekiston Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilishni tavsiya etdi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.

1998 yil (bundan 23 yil oldin) – Fransiyaning Kann shahrida V.I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi badiiy fondi asarlari ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada 284 eksponat, ya’ni asr boshida yashab ijod etgan mo‘yqalam ustalarining rasmlari, zamonaviy iste’dodli rassomlarning asarlari hamda bezak va taqinchoqlar, maishiy buyumlar va zardo‘zlik kiyim-kechak namunalari namoyish etildi.

2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi