O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, fuqarolarga xorijda sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida “Haj va Umra” yagona portali “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan ziyoratchilar qayd etiladigan yagona tizim hisoblanadi.
Endi “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan “Haj va Umra yagona portali” doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadi.
Mazkur qaror bilan Vazirlar Maxkamasining “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 7 iyundagi 364-son qaroriga:
“Haj va Umra” yagona portalining faoliyat mexanizmlarini belgilash;
“Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni raqamlashtirish;
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda vazirlik va idoralar, har yilgi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hay’atlar va tashkiliy guruhlarning vazifalarini aniq belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi PF-68-son Farmoni bilan fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartiblarni bartaraf etish maqsadida “Haj va Umra” yagona portali ishga tushirilgan edi.
O‘zA