Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haj va umra xizmati sifatini oshirish, ziyorat narxini arzonlashtirish muhokama etildi
16:24 / 2022-09-28

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Xoliqnazarov Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida azaldan tarixiy, madaniy va diniy rishtalar mustahkam bog‘langani qayd etildi. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabati mushtarak va tarixiy hamkorlik asosiga qurilgan. Har bir musulmon Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga intiladi. Allohning uyi – Ka’bai muazzama, Arafot, Mino va Muzdalifa vodiylari, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Ravzai saodati va qabri, buyuk sahobalar dafn etilgan Baqi’ maskani, Qiblatayn va Qubo masjidi, Uhud tog‘i kabi tabarruk joylarni ziyorat qilishga oshiqadi.

Ta’kidlash joiz, joriy yil O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. O‘zaro aloqalar rivoji, ayniqsa, so‘nggi yillarda ijobiy sur’at kasb etib, hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

S.Toshboyev Prezidentimizning shu yil 17-18 avgust kunlari ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlikni yanada yuksak darajaga ko‘tarishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Buning natijasida ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar ko‘lami yanada kengaydi.

Suhbat davomida hamyurtlarimiz uchun “Haj” va “Umra” tadbirlari Vazirlar Mahkamasi qarori asosida “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalasi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshirilishi aytib o‘tildi. Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi katta tajriba orttirgani, yurtimiz ziyoratchilari har yilgi haj mavsumida eng namunali, degan maqomga munosib bo‘layotgani qayd etildi.

- Davlatlarimiz yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yangi bochqichga olib chiqdi, - deydi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia. – Hozir savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy va turizm sohalaridagi o‘zaro manfaatli aloqalar yanada kengaymoqda. Shuni alohida urg‘ulashni istardimki, O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqi, muqaddas va tarixiy qadamjolari doimo sayohat qiluvchilarni o‘ziga rom etadi. Arabistonliklar ham bu yerdagi qadim shaharlarni ko‘rish, muqaddas maskanlarni ziyorat qilishni istaydi. Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmi keng rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N. Xoliqnazarov haj va umra qiluvchi kishilar Alloh taoloning mehmoni ekani, ularga ko‘mak bergan, og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ savobga noil bo‘lishini eslatdi. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida yaratilgan qulayliklar samarasi o‘laroq, joriy yil haj ziyoratchilari soni 12 ming, umra qiluvchilar soni esa 40 ming nafardan oshdi.

Muloqotda haj va umra qiluvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, ibodatchilar uchun Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoit hozirlashga doir taklif, mulohazalar bildirildi.  Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlarimizga Saudiya Arabistoni fuqarolari ziyoratini tashkil etish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar, fikr-mulohazalar taqdim etildi.

bugungi kunda O‘zbekiston diniy-ma’rifiy, tarixiy va madaniy aloqaga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan munosabatni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatga, salohiyatga ega ekani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari mamlakatimizga tashrifi davomida yana bir qator manfaatdor vazirlik, idoralar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazadi. Ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, muborak qadamjolarni ziyorat qilish ham ko‘zda tutilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA