Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haj va Umra sohasida yangi tartib: xavfsizlik, shaffoflik va fuqaro manfaatlari ustuvor
11:07 / 2026-02-10

Fuqarolarga diniy amallarni erkin va xavfsiz ado etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada ibodat va ziyorat bilan bog‘liq xizmatlar tizimini isloh qilish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida qator muhim qarorlar qabul qilinmoqda.

Shulardan biri “Haj va Umra yagona portali”ning joriy etilishi bo‘lib, u fuqarolarga ziyorat tadbirlarida ishtirok etishda shaffof, adolatli va xavfsiz tizimni yaratishga qaratilgan. Mazkur portal orqali “Haj” tadbirlariga boruvchilarning yagona elektron navbati, shuningdek, “Umra” ziyoratchilari uchun elektron ro‘yxat shakllantiriladi.

2026 yil 24 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qaror ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi PF–68-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, diniy-ma’rifiy sohada islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qiladi.

Qarorga muvofiq, “Haj va Umra yagona portali”ning doimiy faoliyati ta’minlanadi, sohadagi barcha ma’lumotlarni yig‘ish, rasmiylashtirish va qayta ishlash jarayonlari raqamlashtiriladi. Shuningdek, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar, maxsus hay’atlar hamda tashkiliy guruhlarning vazifalari aniq belgilab berildi.

Muhim yangiliklardan yana biri 2026 yil 1 fevraldan “Haj”, 1 maydan esa “Umra” tadbirlari faqatgina portal orqali ro‘yxatdan o‘tkazish asosida amalga oshirilishi belgilandi. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib tadbirlarni o‘tkazish qat’iyan taqiqlanadi.

Bu kabi qat’iy choralar bejiz emas. So‘nggi yillarda ayrim turfirmalarning mas’uliyatsizligi sababli yurtdoshlarimiz xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan holatlar kuzatildi.

Xususan, 2025 yil aprel oyida Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘llar bilan “Umra” safariga ketgan 580 nafar o‘zbekistonlik fuqaro Davlat rahbari topshirig‘i asosida charter reys orqali yurtimizga qaytarilgan.

Shuningdek, 2025 yil davomida 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan 47 ta, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 ta turistik tashkilotlarga jarimalar qo‘llanildi.

Ayrim kompaniyalar tomonidan fuqarolarga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilgani ham ma’lum. Xususan, “Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways” tomonidan yetkazilgan zarar 25 milliard so‘mni tashkil etgan, jabrlanuvchilar soni esa 2 558 nafarga yetgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson, uning hayoti, xavfsizligi va manfaatlari turgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yangi qarorlar tizimda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish, fuqarolarning xorijda turli qiyinchiliklarga duch kelmasligini ta’minlash hamda ularga sifatli, ishonchli xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Shubhasiz, “Haj va Umra yagona portali” orqali joriy etilgan yangi tartiblar nafaqat sohadagi shaffoflikni oshiradi, balki yurtdoshlarimizning muqaddas ziyoratlarni tinch va xotirjam ado etishlariga mustahkam zamin yaratadi.

A.Oripov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi 

Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasi 

bosh mutaxassisi