Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Haftalik ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda
18:19 / 2024-03-26

Mamlakatimizda 27-mart – Xalqaro teatr kuni oldidan o‘tkazilayotgan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama teatri, viloyat Yoshlar va Qo‘g‘irchoq teatrlari jamoalari tomonidan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, jamoalar o‘z repertuarlaridagi asarlar namoyishi bilan teatr muxlislariga xush kayfiyat ulashmoqda.

– Teatr san’ati insonlarni hamisha ezgulikka chorlagan, teatr orqali orzu-umidlar bayon etilgan, turli illatlar ko‘rsatib berilgan, – deydi Z.M.Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zarifaxon Haydarova. – Ming afsuski, keyingi o‘n yilliklarda yurtimizda teatr san’ati biroz chetga surilib qolganligidan ham ko‘z yuma olmaymiz. Bugungi kunga kelib teatr san’ati yana o‘z shuhratini, mavqeini tiklamoqda. O‘tkazilayotgan yuqoridagi kabi tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

Z.M. Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida har kuni spektakl namoyishidan oldin teatr ijodkorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, haftalik doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mavludaxon Boymatova, Habibullo Yunusov, O‘zbekiston madaniyati va san’ati fidokori ko‘krak nishoni sohibasi Oyistaxon Mahmudovaning teatr muxlislari bilan ijodiy uchrashuvlari tashkil etildi. 

San’atkorlar, yozuvchi va shoirlar, teatr muxlislari, yoshlar ishtirok etgan uchrashuvlarda teatr artistlari o‘zlarining ijodiy yo‘li, mehnat faoliyati haqida gapirib, ijod namunalaridan namoyish etishdi. Muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi. 

[gallery-16608]

Haftalik davomida viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “To‘ylar muborak” teatrlashtirilgan shou-konsert dasturi, shuningdek, Qobiljon Yunusovning “Shaytonning gapiga kirib”, dramaturg Rixsivoy Muhammadjonov asari asosida rejissyor Javlon Jo‘rayev tomonidan sahnalashtirilgan “Burch”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valijon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan “Bobur. Sog‘inch”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zarifaxon Haydarova tomonidan sahnalashtirilgan “Davlat bolalari” nomli spektakllar namoyish etildi. 

– Spektakllarimizni yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda, – deydi viloyat musiqali drama teatri aktyori Zafarbek Saidburxonov. – Bahorni, teatrni sog‘ingan dillarga xush va bayramona kayfiyat ulashayotganligimizdan behad mamnunmiz. 

Haqiqatdan ham har kuni tomosha zallari teatr muxlislari bilan gavjum bo‘lmoqda. Namoyish etilayotgan spektakllar muxlislarda unutilmas taassurotlar qoldirmoqda. 

– Bolaligimdan teatr san’atiga juda qiziqaman, – deydi Andijon shahridagi 13-ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internat o‘qituvchisi Nigora O‘rmonjonova. – Navro‘z bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda viloyat musiqali drama teatri tomonidan namoyish etilgan “Bobur. Sog‘inch”, nomli spektaklini tomosha qilib, mazza qildim, ulkan ma’naviy ozuqa oldim. 

Viloyat teatrlarida yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tayotgan haftalik doirasidagi tadbirlar va spektakllar namoyishi davom etmoqda. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari