Buxoro viloyatida fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni – “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berildi.
Haftalik doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
[gallery-26308]
Bugungi kunda viloyatda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi hududiy bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur nodavlat notijorat tashkilotlari Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan subsidiya shaklida moliyalashtirilmoqda. 2023-2025 yillar davomida mazkur tashkilotlarga 8 milliard 363 million 45 ming so‘m subsidiya ajratilgan. Bundan tashqari, Oliy Majlis Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grantlarda mazkur nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z loyihalari bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.
– Ikkinchi guruh nogironiman, – deydi jondorlik Zarina Haqberdiyeva. – Uyda doim to‘qish bilan shug‘ullanib kelaman. Bugungi ko‘rgazmada o‘zimning qo‘l mehnati orqali tayyorlagan mahsulotlarimni olib keldim. Bugungi ko‘rgazmada ko‘plab tanish ortirdim. Mahsulotlarimni ko‘pchilik xarid qildi va bundan xursand bo‘ldim.
Ko‘rgazmada nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdosi ham bo‘lib o‘tdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.