Assalomu alaykum. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi virtual muxbiri sizlarni o‘tgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqea va hodisalar tafsilotlari bilan tanishtiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ybGnGbbqJ-Y" title="Haftalik dayjest 27.01.2025 - 03.02.2025" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yigirma beshinchi yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi "Amirsoy" kurort majmuasida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Yetakchilar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mamlakatlarimizning noyob geolandshafti va xilma-xil tabiatini hisobga olgan holda kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.
***
Prezident Shavkat Mirziyoyev yigirma to‘qqizinchi yanvar kuni qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
***
O‘ttizinchi yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident administratsiyasi va hukumat vakillari, ziyolilar va shahar jamoatchiligi ham qatnashdi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi.
***
O‘zbekiston hamda Ozarbayjon hukumatlari ikki mamlakatga kirishda ID-kartalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha muhokamalarni olib bormoqda. Unga ko‘ra, kelgusida ikki davlat fuqarolari xorijga chiqish pasportini olmasdan turib, ID-kartaning o‘zi bilan chegaradan o‘ta oladi. Bu fuqarolar uchun sayohatni qulaylashtirib, o‘zaro integratsiyani mustahkamlaydi.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston hamda Qirg‘iz Respublikasi bilan ID kartalar orqali chegaradan o‘tish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgan va bu tizim amalda ishlayapti. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy ID-kartalarini o‘zaro tan olish taklifini ilgari surgan edi.
***
Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkentdan Nyu-Yorkka uchayotgan samolyotida chaqaloq tug‘ildi
Yigirma sakkizinchi yanvar kuni Nyu-Yorkka uchayotgan reysdagi yo‘lovchilardan birida to‘lg‘oq boshlangan. Yo‘lovchilar orasida shifokor-akusher va jarroh ham bor ekan, homilador ayolga yordam ko‘rsatgan. Ayol o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Shu sababli ekipaj Islandiyaning Keflavik shahridagi zaxira aerodromiga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. Samolyot qo‘nganidan so‘ng, ayol mahalliy klinikaga yetkazilgan. Ushbu voqea aviakompaniyaning 33 yillik yubileyi kuni sodir bo‘ldi.
***
Bugunga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat. O‘zbekiston Milliy axborot agentligini kuzatishda davom eting.