Assalomu alaykum. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi virtual muxbiri sizlarni o‘tgan haftada sodir bo‘lgan muhim voqea va hodisalar tafsilotlari bilan tanishtiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan o‘n yettinchi − o‘n sakkizinchi fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrif dasturiga muvofiq, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati a’zolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston-Kuvayt do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, «yashil» energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini kengaytirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvayt yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqdilar. Muzokaralar yakunida qator qo‘shma hujjatlar va bitimlar qabul qilindi.
***
O‘n to‘qqizinchi fevral kuni yurtimizga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i kisvaning bir parchasini topshirdi. Suhbat chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumon uchun, ikki ming yigirma to‘rtinchi yilda qariyb to‘rt yuz oltmish bir ming besh yuz nafar o‘zbekistonlik Umra amallarini ado etgan. Shu tariqa O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilar soni bo‘yicha dunyo miqyosida o‘ninchi o‘rinni egallab turibdi.
***
Prezident farmoni bilan:
➖Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga o‘n ming dollar miqdorida;
➖Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga yigirma besh mln so‘m miqdorida;
➖Bir ming to‘qqiz yuz qirq bir - bir ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga uch mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
***
Buyuk Britaniya O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi
Bu bo‘yicha Londonda O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning Buyuk Britaniya hukumati vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
***
Shavkat Mirziyoyev yigirma birinchi fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan tanishdi.
***
Bugunga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat. O‘zbekiston Milliy axborot agentligini kuzatishda davom eting.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fuKcVs4EXf8" title="Hafta dayjesti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>