Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hafta davomida matbuotda…
12:34 / 2020-06-14

Bugungi global axborot maydonida internetning ham, bosma nashrlarning ham, ijtimoiy tarmoqlarning ham oʻz oʻrni bor.

NIMALAR CHOP ETILGAN?

Bugungi global axborot maydonida internetning ham, bosma nashrlarning ham, ijtimoiy tarmoqlarning ham oʻz oʻrni bor. Hafta mobaynida chop etilgan respublika gazetalari bilan tanishar ekanmiz, har bir nashr oʻz oʻquvchilari qiziqishlaridan kelib chiqib qator tahliliy materiallar eʼlon qilganiga guvoh boʻldik.

Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” ning 9-iyun sonida “Soliq tizimining elektron strategiyasi” deb nomlagan maqola bosilgan boʻlib, unda taʼkidlanganidek, “pandemiya bizni nafaqat ozodalik va tartib-intizomga, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga ham oʻrgatmoqda”. Maʼlumotlarga koʻra, agar mamlakatimizda soliq tizimi toʻliq raqamlashtirilsa, soliq toʻlovchilarga koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari va ularning mobil ilovalari soni oshirilsa, yiliga 50-60 tonna qogʻoz tejaladi. Shu bilan birga, soliq toʻlovchilarning hisobot topshirish hajmi ham 4-7 barobar ortadi. Gazetaning “Ulugʻ allomalar” ruknida Yusuf Hamadoniyning oʻlmas merosidan bahramand boʻlasiz.

Gazetada “Adiblar xiyobonidagi oʻylar” rukni ochilibdi. 9-iyun sonida Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov “Biz Erkin Vohidov ijodini nega sevamiz?” deb nomlangan maqolasida “Zamondoshimiz boʻlgani uchun sevamizmi, fikrdoshimiz boʻlgani uchunmi yoki maslakdoshimiz boʻlgani uchun sevamizmi?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi va adib ijodini tahlil qiladi. 10-iyunda esa ayni shu ruknda “Millat taraqqiyoti xayoliy orzu-havasda emas, farzandlar kamolotidadir” deb nomlangan maqola bosilgan. Unda Behbudiy haqida soʻz yuritiladi. Taʼkidlanganidek, “Behbudiyning buyukligi shundaki, u millat taraqqiyoti uchun hamisha dolzarb boʻlib qoladigan, barcha davr va zamonga bir xil tegishli boʻlgan muammo va masalalarning oʻqtomiriga nazar solib, uning illatiga aniq tashxis qoʻya olgan va mazkur kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ham ilmiy va hayotiy jihatdan asoslab bergan”.

Gazetaning 11-iyun sonida esa Said Ahmad hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Muhimi, rost soʻzlash va rost yozishdir”, “Said Ahmadni xotirlab...”, “Adib hikoyalari turk tilida” deb nomlangan maqolalar bosilgan. 12-iyunda “Abdulla Qodiriy va oʻzbek romanchiligi” deb nomlangan maqola chop etilgan boʻlib, muallif –– Jabbor Eshonqulovning taʼkidlashicha, keyingi yillarda Oʻzbekistonda milliy madaniyat, adabiyot va sanʼatga boʻlgan eʼtibor yangi bir bosqichga koʻtarildi, tamomila oʻzgacha mazmun-mohiyat kashf etdi. “Yangi Oʻzbekiston”ning 13-iyun sonida Abdurauf Fitrat hayoti va ijodiga eʼtibor qaratilgan. Taʼkidlanganidek, Abdurauf Fitratning koʻp fikrlari va xulosalari hozir ham dolzarb. “Xalqning harakat qilishi, davlatmand boʻlishi, baxtli boʻlib izzat-hurmat topishi, jahongir boʻlishi, zaif boʻlib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib eʼtibordan qolishi, oʻzgalarga tobe, qul va asir boʻlishi bolalikdan oʻz ota-onalaridan olgan tarbiyalariga bogʻliq”.

“Xalq soʻzi” gazetasining 9-iyun sonida Oʻzbekiston - Koreya xalqaro universiteti talabasi Madaminjon Solijonovning “Ishonchni, albatta oqlaymiz” deb nomlangan maqolasi bosilgan. Unda taʼkidlanishicha, “har bir yosh zamonaviy bilimlarni puxta egallasa, oʻz kasbining ustasi boʻlsa, kamoliga koʻz tikkan ota-onasi, xalqining yuzini yorugʻ qiladi, mamlakatimiz farovonligiga hissa qoʻshadi. Yurtimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar zamirida ana shu ezgu muddao mujassam”.

Gazetaning 10-iyun sonida Oliy Majlis Senati aʼzosi Farmon Toshevning “Ochiqlik va oshkoralik nafaqat OAV, balki jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi” deb nomlangan maqolasida taʼkidlanganidek, “matbuot - ijtimoiy hodisa. Buning maʼnosi shuki, u inson maʼnaviyati shakllanishiga, fikr va dunyoqarashi yuksalishiga xizmat qiladi”.

Gazetaning toʻrtinchi sahifasi “Ezgulik chegara tanlamaydi” deb nomlanib, unda Oʻzbekiston pandemiya davrida koronavirus keltirishi mumkin boʻlgan talafotlarga qarshi kompleks yondashuvni ishlab chiqqani, davlatimiz pandemiya bilan bogʻliq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarini hamda barcha resurslarni safarbar etgani tahlil qilingan. Taʼkidlanganidek, “Pandemiya davrida Oʻzbekiston nafaqat oʻz xalqi, balki boshqa mamlakatlar taqdiriga ham befarq qarab turmadi. Bu bejiz emas. Keyingi yillarda tashqi siyosatimizdagi yangi ruh, pragmatik qarash davlatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Pandemiya davrida Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi oʻziga xos ustuvor yoʻnalish koronavirusdan aziyat chekayotgan mamlakatlarga insonparvarlik yordamlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻldi. Qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston yaqin, qoʻshni va hamkor mamlakatlarga doʻstona yordam qoʻlini choʻzib kelmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining topshirigʻiga binoan, Xitoy, Eron, Vengriya, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlarga insonparvarlik yordami yetkazib berildi”.

“Xalq soʻzi”ning 12-iyun sonida “Oliy Majlis faoliyati qaysi jihati bilan boshqa davlatlar parlamentlariga namuna boʻla oladi?” deb nomlangan maqola bosilgan. Unda xorijlik ekspert va mutaxassislarning bu savolga bergan javoblari bilan tanishishingiz mumkin.

Nashrning 13-iyun sonida bosilgan xabarda taʼkidlanishicha, Toshkentda Istanbul texnika universiteti filiali ochiladi.

“Hurriyat” gazetasida taniqli yozuvchi va tarjimon Olim Otaxon bilan “Adabiyotning maxfiy “kodi” qayerda?” deb nomlangan suhbat bosilgan. Gazetaning “Umr ibrati” ruknida ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Elchi Abdusalomov haqida “Omonat va Matonat” deb nomlangan maqola eʼlon qilingan. Muallif Qulman Ochilning yozishicha, Elchi Abdusalomov Tangri taoloning sinov uchun berilgan omonatiga - umriga, eʼtiqodiga xiyonat qilmagan matonatli inson, Vatani va xalqini sevgan sadoqatli farzand edi.

“Oʻzbekiston ovozi” gazetasining 10-iyun sonida “Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatidan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo” deb nomlangan tahliliy maqola bosilgan. Maqola muallifi Joʻliboy Eltazarov taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo xalqlarining doʻstligi va birligi orzusi hamda rejasi tarixiy anʼanalar, haqiqatlarga va bugungi real hayotiy ehtiyojlar ustiga qurilgan. Shu sababli bu yoʻldan sabot bilan davom etishimiz va mintaqaviy butunlashuv va birlikka erishishimiz lozim.

Gazetada Hulkar Hamroyevaning “Buyuk ayriliq” deb nomlangan maqolasi bosilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston Xalq shoiri Anvar Obidjon hayoti va ijodi haqida soʻz yuritiladi.

Vatanparvar” gazetasining 12-iyun sonida “Turkistonlik - shonimiz, Turonlik - unvonimiz” deb nomlangan maqola berilgan. Shuningdek, “Dunyo mamlakatlari qoʻshinlaridagi gʻaroyib boʻlinmalar”, “AQSH Qurolli kuchlarida PR xizmati”, “Infomadaniyat nima?”, “Eng zamonaviy kutubxonalar” kabi maqolalar bilan tanishish mumkin.

“Jamiyat” gazetasida “Birovning ogʻrigʻini his qildingmi – DEMAK, INSONSAN!” deb nomlangan suhbat bosilgan. Unda qayd etilganidek, “Oʻz ogʻrigʻingni his qildingmi – demak, tiriksan, birovning ogʻrigʻini his qildingmi – demak, insonsan”, – degan avliyolar. Demakki, ana shu shafiqlik, rahmdillik, hayo va muhabbat – insonning belgilaridir, beshafqatlik, adovat, razolat yovvoyi jonivorlikning belgilaridir.

Insonni inson qiladigan – uning insoniy fitratidir, shafiq va rahmli qalbidir. Insonni inson qiladigan narsa fikrlashi va koʻngilchanligidir, qalbsiz va fikrsiz odamning ariq boʻyida oʻsib yotgan qamishdan farqi yoʻq, degan edi Blez Paskal.

“Jamiyat”da Sharof Boshbekovning “Mushtum” jurnali 1991-yil, sentyabr, 18-sonida eʼlon qilingan “BUYUK BAXTIYORLIK (Istehzoli oʻylar)”i bosilgan. Gazetada “Kichkintoyingiz “men”i sizga qarab shakllanadi!” deb nomlangan maqola ham eʼlon qilingan. «Agar siz farzandingiz toʻgʻri rivojlanishi uchun kerakli yordamni bera olsangiz, jamiyatning sogʻlom bir aʼzosini tayyorlayotgan boʻlasiz” deyiladi maqolada.

“XXI asr” gazetasida “Bogʻ buzishning Bekobodcha “usuli” bilan tanishingiz mumkin. “Bizdan nega nobelchilar chiqmayapti?” sarlavhali maqolada “Oʻzbekiston ilm ahli orasida mahalliychi, takabbur, johil, savodsiz, manfaatparast kimsalar borligi, shu bois haqiqiy izlanishlar oʻtkazilmasdan, ayrim hollarda tanish-bilishchilik, moddiy manfaatparastlik oqibatida yengil-yelpi ishlar himoyaga qoʻyilayotganini aytmoqchiman. Buxoriylar, samarqandiylar, xorazmiylar, fargʻoniylar, margʻinoniylar, nasafiylar, termiziylar, temuriylar, boburiylar avlodi orasidan Nobel mukofoti sovrindorlari chiqmayotganiga asl sabab shu!”, deya yozadi tibbiyot fanlari nomzodi Alijon Zohidov.

“Adolat” gazetasida“Kimyo... yoxud taʼlim berishdagi eskirgan usullar” deb nomlangan maqola bosilgan. Taʼkidlanganidek, “biz kamida oʻz bilimi va izlanishlari natijasida dunyo ahlini qoyil qilishni orzu qiladigan, katta maqsadlarni ilgari suradigan avlodni tarbiyalashimiz uchun oʻzimiz, biz, kattalar bugun ularga shunga mos sharoit va imkoniyat yaratib berishimiz shart. Bola u yoki bu fanni nima uchun oʻrganishini maktabdayoq tushunib yetishi kerak, ertangi kunda qanday mutaxassis boʻlishini aniq tasavvur qila olishi ham maktabda singdirilishi kerak”.

“Ishonch” gazetasi xalqaro tahlillari bilan tilga tushdi. Mazkur nashrning har bir sonida xalqaro mavzulardagi tahliliy sharhlar berib borilishini taʼkidlab oʻtish kerak. Shanba sonida “Portlamagan minalar” deb nomlangan maqolada Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari tahlil qilinadi. “Pandemiyaning ogʻir asorati: millionlab aholi ishsizlik va qashshoqlik boʻsagʻasida” deb nomlangan sharhda jahondagi bugungi vaziyat borasida soʻz yuritiladi.

“Oila davrasida” gazetasi har sonida “Qoʻshnilarda nima gap?” ruknida mintaqa mamlakatlarida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida maʼlumot beradi. Nashrning mana shu ishini qoʻllab-quvvatlash kerak. Gazetada bosilgan “Uzr, bilmay hajv qilib qoʻyibmiz” deb nomlangan maqolada soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgan mavzu tilga olinadi.

Xulosa oʻrinda, «Inson va qonun» gazetasida bosilgan Marusa Hosilovaning “Gazetalar oʻlmagan va hech qachon oʻlmaydi...” degan maqolasidagi quyidagi soʻzlarni eslatib oʻtamiz: “Gazeta tarbiya quroli hamdir. Gazetalar omma orasida savodlilik ildiz otishiga xizmat qiladi. Oʻzbek adabiy tili meʼyorlarini saqlab qolishda ham matbuotning oʻrni katta”. Gazeta oʻqimasak, jurnal oʻqimasak, kitob oʻqimasak, televizor koʻrish va internet “kovlash” bilan “oyni zabt etmoqchi” boʻlayotganimiz kulguli emasmi?

Sharofiddin Toʻlaganov