Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hafiza Egamberdiyeva: “Saylanma”
10:03 / 2026-02-09

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Taniqli shoira Hafiza Egamberdiyevaning “Tomchilar tavallosi” nomli “Saylanma”si O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

“Saylanma”dan shoiraning turli yillarda yozgan ijod mahsullari, shuningdek, hali hech bir nashrda e’lon qilinmagan yangi she’rlari joy olgan.

Hafiza Egamberdiyeva ijodi bilan she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish shoira. Uning o‘ziga xos uslub va ohangda bitilgan she’rlarini o‘qirkansiz, qalbingizda hayotning aziz va qadrdon tuyg‘ulari jonlanayotganini his etib qolasiz. Uning she’rlarida Hayotga, Vatanga muhabbat yaqqol bo‘y ko‘rsatib turadi:

 

Qadim yo‘llar uzra chorlar chanqovuz,

Do‘mbira dodini tinglab cho‘kkim tiz,

Sen oliy ne’matim, sen titratar so‘z,

Bovurim deb suygan borlig‘im, Vatan,

Peshonamga bitgan yorlig‘im, Vatan!

 

Ko‘nglim tog‘ istadi, yo‘lingni tutdim,

Ko‘nglim bog‘ istadi, gulingni tutding,

Tizzalab qolganda qo‘limni tutding,

Bovurim deb suygan borlig‘im, Vatan,

Peshonamga bitgan yorlig‘im, Vatan!

 

Qayda bo‘lsam hamki suyugim o‘zing,

Boz yana tug‘ilsam, buyugim o‘zing,

Dil qonida yozgan tuyug‘im o‘zing,

Bovurim deb suygan borlig‘im, Vatan,

Peshonamga bitgan yorlig‘im, Vatan!

 

Men bir farzandingman kulsang kulguvchi,

Oydek to‘lganingda oydek to‘lguvchi,

Tuprog‘ingni suyib, tuproq bo‘lguvchi,

Bovurim deb suygan borlig‘im, Vatan,

Peshonamda bitgan yorlig‘im, Vatan!

 

Qancha dovonlardan o‘tdi istiqlol,

Bayrog‘ini baland tutdi  Istiqlol,

Jon yurtim, jon elim topma hech zavol,

Bovurim deb suygan borlig‘im, Vatan,

Peshonamga bitgan yorlig‘im, Vatan!

Hafiza Egamberdiyeva she’rlarida olmosdek namoyon bo‘ladigan tafakkur tarzi va mahorati bilan ajralib turadi. Oddiy voqea-hodisalarni o‘ziga xos nozik pardalarda kuylaydi, uning qalami bilan ohanglarga yo‘g‘rilgan so‘z qanot chiqarib balandlarga parvoz qiladi, o‘quvchini o‘ziga mayliyo aylaydi. 

“Saylanma” – shoira ijodida mehr, samimiyat va hayotga oshiqlik qanchalar yuksak o‘rin tutajagiga yorqin dalil.

Quvonchlar quyilib kelganda,

Faryodlar bo‘g‘zimni tilganda,

Yurakdan gapirgim kelganda,

Sen menga hayotsan, o‘z tilim, – deydi o‘zbek tilini ulug‘lab shoira.

Hazrat Alisher Navoiy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Nasimiyga bag‘ishlangan she’rlari orqali shoira ijodiga ipsiz bog‘lanib qolgandek bo‘lasiz. “Momo Havo, ayt, qizlaring tashvish uchun kelarlarmi? Istalgan va istalmagan turmush uchun kelarlarmi?” deya bugungi ijtimoiy hayot muammolarini tahlil qiladi bir qarasangiz u. Oddiy o‘zbek ayoli, onasi o‘laroq, Ona – hayot sarchashmasi ekanligiga eng avvalo o‘zini, so‘ngra ayol zotini inontirmoqchi bo‘ladi. Shoiraning “kirlangan dunyo”ga qilgan “munojot”lari qalblarda aks-sado berishi shubhasiz.  

Uning she’rlarida insoniy dard, yoniq muhabbat ustuvor. 

Hafiza Egamberdiyevaning “Tomchilar tavallosi” nomli “Saylanma”si, albatta, o‘qing...

A.Narzulloyev, O‘zA