Huquqiy munosabat
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 502-moddasiga ko‘ra, hadya shartnomasi — bu bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa tarafga (hadya oluvchi) ashyoni tekinga mulk qilib beradigan yoki berish majburiyatini oladigan bitimdir.

Hadya shartnomasi xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagilarni ma’lum qildi:
– Hadya shartnomasini notarial idorada rasmiylashtirish uchun hadya qiluvchi va hadya oluvchining pasporti yoki ID-karta taqdim etiladi.
Shuningdek, Hadya qilinayotgan mulkni tasdiqlovchi mulk huquqi guvohnomasi yoki kadastr hujjati, Kadastr ma’lumotnomasi (ko‘chmas mulk uchun), zarurat bo‘lsa turmush o‘rtog‘ining yoki hammulkdorlarning roziligi haqidagi hujjat kerak bo‘ladi.

Vasiylik va homiylik organining roziligi (agar muomala layoqati cheklangan shaxs ishtirok etsa), agar bitim vakil orqali amalga oshirilsa, ishonchnoma taqdim etish lozim bo‘ladi.
Hadya shartnomasi bepul asosda tuziladi. Agar ashyo yoki huquq evaziga biror to‘lov yoki narsa olinadigan bo‘lsa — bu bitim hadya deb tan olinmaydi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 31-bob, 502–516-moddalar. O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi qonuni, 343-I (26.12.1996-yil). O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 yanvardagi 3113-son qarori — “Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom".
Gulnoza Boboyeva, O‘zA