Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Axmedov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov shu kunlarda respublikamizning turli hududlarida bo‘lib, diniy soha vakillari hamda aholining turli qatlamlari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Shuningdek, safar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, Prezidentimiz farmonlari bilan afv etilgan, turli urush o‘choqlaridan yurtimizga olib kelingan fuqarolar bilan tizimli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning davomi 23 yanvar kuni Samarqand viloyatida davom ettirildi.
Mutasaddilar dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar. Bu yerda buyuk muhaddisning “Sahihul Buxoriy” asarining xatmi yakunlanib, ezgu duolar qilindi.
Shundan so‘ng Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ochiq va samimiy muloqot davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, bu jarayonda talaba yoshlarning o‘rni, shuningdek, ularga berilayotgan e’tibor va ajdodlarga munosib vorislar bo‘lib tahsil olishlari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, hadis ilmini mukammal o‘zlashtirish, bugun avj olayotgan turli yot g‘oyalarga qarshi ilmiy asosda raddiyalar beradigan mutaxassislar bo‘lib chiqishlari uchun soha rahbarlari tomonidan muhim tavsiyalar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA