Mamlakatimizda nishonlanadigan muhim sanalar arafasida vazirlik va idoralarda qator tadbirlar o‘tkazish ijobiy ma’noda an’ana tusini olib ulgurgan.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimlarida ham ana shunday tadbirlar yuqori tayyorgarlik bilan tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Bir guruh gvardiyachilarga tantanali ravishda harbiy va maxsus unvonlarning topshirilgani so‘zimizning tasdig‘idir.
10 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Dastavval gvardiyachilar davlatimizning ramzi bo‘lgan madhiyamizni jo‘r bo‘lib kuylashdi. Shundan so‘ng sana arafasida malaka oshirish kurslarida o‘qib sertifikat olgan 129 nafar harbiy xizmatchi va xodimlarga harbiy va maxsus unvonlar topshirildi.
Unvonlarni qabul qilib olgan gvardiyachilarga “Burch, sadoqat, jasorat” shiori ostida Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashda oldilariga qo‘yilgan barcha vazifalarni bajarishda bor kuch-g‘ayratini safarbar etishiga ishonch bildirildi.
Tantanali qismdan so‘ng Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli tomonidan bayramona konsert dasturi havola etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i8iJkbibVtU" title="Gvardiyachilar Davlat madhiyasi kunini tantanali nishonladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, A.Ahmedov (montaj), O‘zA muxbiri