Bugungi kunda ayollar hayotning barcha jabhalarida faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, sport sohasidagi yutuqlar orqali ular o‘z salohiyati, irodasi va matonatini yanada yaqqol namoyon etmoqda. Ayollarning sportdagi ishtiroki nafaqat shaxsiy yutuq, balki jamiyat uchun ilhom va g‘urur manbaidir.
Sport maydonlaridagi zafarlar, xalqaro musobaqalardagi g‘alabalar ayollarning faqatgina oilada emas, balki jismoniy va ma’naviy barkamollikda ham yuqori imkoniyatlarga ega ekanini tasdiqlaydi. Ular jismoniy tayyorgarlik, intizom va sabr-toqati bilan o‘rnak bo‘lmoqda.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligining qo‘llab-quvvatlashi samarasida Milliy gvardiyada ham bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni va murabbiylarni rag‘batlantirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Buning natijasida joriy yilning 28 iyun-7 iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon kubogi musobaqalarida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi tarkibida uch nafar gvardiyachi qizlar munosib ishtirok etdi. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Navbahor Hamidova mazkur toifadagi musobaqaning final jangida olimpiada va uch karra jahon chempioni turkiyalik Busenaz Surmenelini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi qizga aylandi.
Mazkur musobaqada 29 davlatdan 300 ga yaqin sportchilar o‘zaro bellashib, unda terma jamoamiz vakillari 5 ta (1 ta oltin, 4 ta bronza) medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana ikki nafar gvardiyachi qizlar Sohiba Ro‘zmetova va Oltinoy Sotimboyevalar 3-o‘rinlarni egallab, bronza medali sohibasi bo‘ldi.

Ushbu jahon kubogi musobaqalarida erishilgan yutuqlar “Los-Anjeles-2028” olimpiya o‘yinlariga qo‘yilgan muhim qadam bo‘lib, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan sportchilarning to‘plagan reyting ballariga ko‘ra Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beriladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, boks bo‘yicha ayollar milliy terma jamoasining murabbiyi podpolkovnik Elshod Rasulov ham Milliy gvardiya safida xizmat qilish bilan birga sport sohasida ayollar gender tengligini ta’minlagan holda mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bu yutuqlar avvalo, davlatimiz rahbarining barcha sohalar kabi sportda ham yurtimiz ayollariga alohida g‘amxo‘rlik qilib kelayotganliklari samarasidir. Bunday e’tiborning mahsuli esa albatta, nufuzli xalqaro musobaqalardagi yorqin g‘alabalarda aks etmoqda.
Xususan, joriy yilning 27 iyun-8 iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-ota shahrida sportning biatlon turi bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazildi. Ushbu musobaqada 6 ta davlatdan tashrif buyurgan 17 ta professional sportchi ishtirok etib, unda O‘zbekiston Milliy terma jamoasi vakili, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Oydina Ikromovaning 3 km. masofada faxrli 1-o‘rinni, 5 km. masofada faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Gvardiyachi qizlarning erishgan ushbu g‘alabalari yurtimiz sport salohiyatining, ayollarimiz matonati va irodasining amaldagi isbotidir.
Shu sababli Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Jo‘rayev yuqorida sanab o‘tilgan xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari va ularning murabbiylari bilan uchrashib, samimiy tilaklarini bildirdi. Tadbir so‘ngida sportchi va murabbiylar qo‘mondon buyrug‘i bilan munosib rag‘batlantirildi.
Bunday rag‘batlantirishlar yosh avlod uchun namuna bo‘lib, Vatanga sodiqlik, intizom va shijoatni oshiruvchi muhim omil sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA