Ispaniyalik futbol mutaxassisi 2016 yildan beri “Manchester Siti”da faoliyat olib borayotgan Xosep Gvardiola ortda qolgan to‘qqiz yil davomida “MS” bilan qatorasiga ketma-ket to‘rt marotaba Angliya Premer-ligasida g‘olib bo‘lgan va klub tarkibiga o‘zbekistonlik o‘yinchi harid qilgan yagona murabbiyga aylandi.
Xosep Gvardiola 2024-2025 yilgi mavsumda kutilmagan sinovlarga duch kelmoqda. Turli musobaqalardagi muvaffaqiyatsizliklar uni jamoada o‘zgarish qilishga undadi va tajribali mutaxassis joriy yilning qishki transferlar mavsumida jamoaga bir necha kun ichida “Lans”dan Abduqodir Husanovni, “Palmeyras”dan Vitor Reysni, “Ayntraxt”dan Umar Marmushni va “Portu”dan Niko Gonsalesni olib keldi.
Shu bilan “MS”da yangi o‘zgarishlar va islohotlar davri boshlandi. Bu transferlarning uchtasi – Abduqodir, Umar va Niko o‘zini to‘liq oqladi va hozirda ushbu futbolchilar jamoaning asosiy ustunlariga aylanib bormoqda.
Xosep Gvardiola kuni kecha “Tottenxem”ga qarshi o‘tgan o‘yindan keyin Abduqodir Husanov haqida iliq fikrlarni bildirdi.
–Bu mavsum yakunida Yevropa chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsak, katta muvaffaqiyat bo‘ladi. Endi avvalgi “Manchester Siti”ni ko‘rmaysiz. U jamoa juda zo‘r bo‘lgan. Endi boshqa tarkib bilan qaytamiz.
Yosh jamoa tuziladi, hujum uchligi – uning kelajagi. Hali Rodri qaytadi, lekin Niko Gonsales va Abduqodir Husanov yangi jamoaning kelajagi. “Tottenxem”ga qarshi o‘zbek futbolchisi qanday o‘ynaganini o‘zingiz ko‘rdingiz. Abduqodir Husanov nihoyatda tezkor himoyachi va pas berishga ham usta.
Men juda ko‘p o‘ta tezkor futbolchilarni ko‘rganman, Abduqodir ulardan biri. Hamma uni yoqtirib qoldi. Kamtarin yigit. Muxlislarimizga ham yoqishiga aminman. Oxirgi uchrashuvlarda haqiqatan zo‘r o‘ynayapti, — dedi Xosep Gvardiola.
Ma’lumot o‘rnida: Abduqodir Husanov joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida “Manchester Siti” tarkibiga qo‘shildi. Futbolchimiz bugunga qadar Premer-liga, Angliya kubogi va Yevropa chempionlar ligasida “shaharliklar” safida debyutini nishonlab bo‘ldi va jami beshta o‘yinda maydonga tushdi. Aniqrog‘i, ushbu o‘yinlarning to‘rttasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Hatto, zaxiradan tushgan Angliya kubogi bahsida o‘zining ilk golini ham urishga ulgurdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA