O‘lkamizning tuprog‘i oltinga teng. Sababi O‘zbekistonda yetishtirilayotgan sarxil mevalar va poliz mahsulotlariga xorijda o‘ziga xos talab shakllanib ulgurdi. Yangi bozorlarda esa ayni mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish tobora o‘sib bormoqda.
Ayniqsa, bahor oylari yurtimizda qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun xayrli keldi. Sohada faoliyat yuritayotgan mirishkoru dehqonlar bugun o‘zlarining mehnat mahsullarini ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirib, samara ko‘rishni boshladilar.


Yaqinda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimligida Li Yantao boshchiligidagi xitoylik investorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tuman hokimi Bekzod Suyunov va hokimlikning mutasaddi rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Samimiy ruhda kechgan o‘zaro muloqot davomida hamkorlikda tuman hududida poliz mahsulotlarini ekish, xususan, yangi navdagi piyozni yetishtirib, uni Yevropa mamlakatlariga eksportga yo‘naltirish kabi masalalar muhokama qilindi.


Xitoylik investorlarning ta’kidlashicha, yetishtirilgan piyoz mahsulotidan yarim tayyor dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish uchun loyiha qiymati 20 mln dollarlik investitsiya kiritiladi, natijada agrar sohada 50 ta doimiy va 150 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilib, eksport hajmi 10 mln dollarga yetkaziladi.
Yig‘ilish yakunida har ikki tomon vakillari hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb qilish va birgalikda tumanda qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
O‘tkir Alimov, O‘zA