Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderda ishtirok etishga 12 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Elmira Bekmurodovaning ma’lum qilishicha, G‘uzor quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) qurish loyihasi yuzasidan mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar uchun tenderning birinchi bosqichi boshlangan. Bu haqdagi e’longa javoban O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga xalqaro kompaniyalardan 12 ta ariza kelib tushgan.
–Loyiha Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda, – dedi E.Bekmurodova. – Loyiha Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 megavattgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Tender jarayoni eng yuqori xalqaro standartlar hamda ochiqlik va shaffoflik talablariga muvofiq o‘tkaziladi. Tenderda ishtirok etishni xohlovchilarning barchasi uchun ochiq kirishda malaka so‘rovi taqdim etildi. Tender komissiyasi ishtirokchilardan takliflar kelib tushgandan so‘ng qabul qilingan takliflarning to‘liqligi va maqsadga muvofiqligini baholaydi. Shundan keyin malakali ishtirokchilarning “qisqa ro‘yxati” e’lon qilinadi, ular keyinchalik tenderning ikkinchi bosqichiga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, arizalarini topshirganlar ro‘yxatida “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC- Masdar”, “Alcazar Energy”, “China Huadian Engineering”, “Concord New Energy Group”, “GD Power” kabi kompaniyalar bor.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA