Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qohirada Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumanida inqirozga XAMASning 7 oktyabrda uyushtirgan hujumi sabab bo‘lgani, shu kuni ko‘plab insonlar yaralangani va halok bo‘lgani, oddiy aholi o‘g‘irlab ketilganini qayd etdi. Bu Isroilning G‘azo sektorini to‘liq qamal qilishi va shafqatsiz bombardimon qilishiga olib keldi, dedi u va qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar ekaniga urg‘u berdi.
– Qayta aytmoqchimanki, xalqaro gumanitar huquq hurmat qilinishi kerak, – deya ta’kidlagan Bosh kotib. – Aholini himoya qilish ham mas’uliyat. Kasalxona, maktab yoki BMT muassasasiga har qanday hujum taqiqlangan va xalqaro huquqqa zid. Ushbu gumanitar falokat qarshisida men ikki shoshilinch insonparvarlik harakatiga chaqiraman: HAMAS tomonidan garovga olinganlarni zudlik bilan, so‘zsiz ozod qilish va G‘azo aholisi eng asosiy ehtiyojini qondirish uchun Isroil tomonidan zudlik bilan insonparvarlik yordami ko‘rsatish. Falastin xalqining 56 yillik bosqin tufayli haqli va chuqur noroziligi menga ayon.
U g‘azoliklar, deyarli, ikki haftadan beri oziq-ovqat, suv va dori-darmon kabi asosiy ehtiyoj vositalaridan mahrumligini eslatib, buning oqibatida mintaqada ayrim kasalliklar tarqalayotganiga e’tibor qaratdi:
– Odamlar o‘lyapti, bu manzara meni dahshatga solyapti. G‘azoning oddiy aholisi asosiy xizmat va mahsulotlarga muhtoj. Buning uchun tezkor va to‘siqsiz insonparvarlik yordami kerak.
Bosh kotib G‘azo aholisiga yordam yetkazish doimiy sa’y-harakat talab qilishini, ya’ni “sodda qilib aytganda, rasmiylar yordamni yetkaza olishi va xavfsiz tarqata olishi kerakligini anglatadi”, deya ta’kidladi.
– Hayotni saqlab qolish uchun Al-Arish xalqaro aeroporti va Rafoh chegara punkti nafaqat muhim, balki bizning yagona umidimizdir, – qo‘shimcha qildi Guterrish va mintaqaga yordam yetkazib berishga tayyorgarlikni nazorat qilish uchun Misrga safar qilayotganini ma’lum qildi.
Muammoning uzoq muddatli yechimi zarurligini eslatarkan, u yana shunday dedi:
– Xalqaro rezolyutsiyalar va davlatlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, o‘zaro xavfsizlik kafolati ostida, Isroil bilan yonma-yon mustaqil Falastin davlatini yaratmasdan turib, muammoga hech qanday yechim topib bo‘lmaydi!
G.Sattorova, O‘zA