BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi hamon 1945 yildagi voqelikni aks ettirishini ta’kidlab, tuzilmani isloh qilishga chaqirdi.
- Birinchi navbatda, Xavfsizlik kengashi islohoti asosli jarayon, deb hisoblayman, - dedi u matbuot anjumanida. - Tuzilma zamonaviy dunyoga mos emas, balki o‘tgan asr 45-yillari davriga to‘g‘ri keladi.
Bu holat XK uchun nafaqat qonuniylik, balki samaradorlik nuqtai nazaridan ham muammo keltirib chiqaryapti.
Bosh kotib Kengashning veto huquqini cheklash zarurligi to‘g‘risidagi taklifga ham qo‘shilishini aytdi. U XK ayrim a’zolari tomonidan ba’zi masalalar yuzasidan veto qo‘yish holatlariga nisbatan shunday munosabat bildirdi:
- Masalan, Fransiya va Buyuk Britaniya inson huquqi ommaviy tarzda buzilishi yoki shunga o‘xshash keskin hodisalar yuz bergan vaziyatda veto huquqini cheklash taklifini ilgari surdi. Men bu fikrni qo‘llab-quvvatlayman.
Guterrish qo‘shimcha qilishicha, veto huquqini cheklash qarori faqat XK a’zolari tomonidan qabul qilinishi kerak.
S.Rahimov, O‘zA