Nukus shahridagi markaziy maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirliklar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, harbiylar, yozuvchi-shoirlar, san’at arboblari, talaba-yoshlar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilindi. Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
[gallery-9643]
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida yigirmadan ortiq farmon hamda qarorlar qabul qilinganligi qayd etildi.
Davlat ramzlari doimo ulug‘ va muqaddas sanalgan. Shulardan biri xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagi aks ettirilgan mamlakatimiz bayrog‘i — davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.
Tantanali tadbir san’at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA