1992 yilning 10 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining huquqiy maqomini belgilovchi qonun qabul qilindi. Bugun Buxoro viloyatida madhiyamiz qabul qilingan kun keng nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan Buxoro shahridagi “Abu Xafs Kabir” ziyoratgohida madhiyamizning musiqasini bastalagan buyuk kompozitor Mutavakkil Burhonov qabriga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Marosimda Buxoro viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat va shahar bo‘limi, oliy ta’lim muassasalari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi. Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, ahamiyatli mitinglar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni ifoda etadi.

– Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini mujassam etgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qo‘shig‘ini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Bunday lahzalarda xalq va Vatan ulug‘langan qo‘shiq insonlar qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni jo etishga, bu yorug‘ olamni yanada munavvar ko‘rsatadigan ilohiy mo‘’jiza ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir, – deydi Buxoro pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov.

Tadbirda Mutal Burhonovning uy muzeyiga ham sayohat tashkil etildi. Uy-muzey Buxoro davlat badiiy me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining filiali maqomida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bog‘liq ikki mingdan ortiq foto suratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari jamlangan.
2018 yilda tashkil etilgan uy-muzeyda bastakorning bolalik yillarini aks ettiruvchi fotosuratlar, cholg‘u asboblari, esdalik sovg‘alar, kitoblar, hujjatlar, shuningdek, madhiyaning notalari bilan yozilgan nusxasi, uning ijodini e’tirof etib taqdirlangan orden va medallar, davlat mukofotlar o‘rin olgan.

Muzey “Mutal Burhonov umr yo‘li”, “Bastakor ijod xonasi”, “E’tirof, ehtirom”, “Musiqa tarixi” kabi bo‘limlardan iborat. Uy-muzeyida Markaziy Osiyoda musiqa san’ati rivojlanishiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan “Shashmaqom”ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bog‘liq ilk tadqiqotlar, O‘zbekiston madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon.
Yashnagay toabad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin, toki bor jahon.
Shunday satrlar bilan boshlanuvchi madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz boshimiz uzra hilpiraganda, ozod Vatanimizga nisbatan qalbimizning tub-tubida g‘urur paydo bo‘ladi. Hurmat-e’tibor kuchayadi, faxr-iftixor hissi jo‘sh uradi. Bu muazzam sado shijoatli xalqimizning ruhiga ruh, kuchiga kuch bag‘ishlab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi.


Sana munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarda, korxona, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Har tongni madhiya sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi. Demak istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.