Bundan salkam bir yil oldin davlatimiz rahbari Urganch shahrida bo‘lib, tashrif chog‘ida Jaloliddin Manguberdi majmuasining qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirar ekan: “Bu yer bilim, ma’naviyat, g‘urur maskani bo‘lishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarishi bilan birga Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak...” degan edi. Bu fikrlar bugun o‘z isbotini topdi.
Ushbu majmuaning ochilish marosimida yig‘ilganlarning qalbidagi iftixor tuyg‘ulari, buyuk ajdodimiz – Jaloliddin Manguberdining shonli tarixidan faxrlanish hissi ularning yuz-ko‘zlarida aks etdi.
Jaloliddin Manguberdining shonli o‘tmishi, jasorati, matonati, ona yurtga bo‘lgan sadoqati, vatan tinchligi yo‘lidagi fidoyiligi yurtimiz onalari tarbiyalayotgan farzandlar – ertamiz egalari bo‘lgan o‘g‘lonlar uchun chin ma’noda ibrat vazifasini o‘taydi. Oradan necha asrlar o‘tsa hamki, uning tarixda qoldirgan izi sira o‘chmaydi. Jasorati aslo unutilmaydi.
Biz ushbu ulug‘ siymo bilan har qancha faxrlansak arziydi. Uning nomini, shon-u sharafini qancha e’tirof etsak shuncha kam. Ushbu majmua eldoshlarimiz uchun nafaqat so‘lim go‘shaga, balki, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “g‘urur maskani”ga aylanadi. Biz har safar Jaloliddin Manguberdi timsoliga termular ekanmiz, undan kuch, shijoat olamiz, unga qarab ona Vatanni sevishni o‘rganamiz.
Shu tabarruk tuproq, aziz Vatan barchamiz uchun muqaddas. Uni ko‘z qorachig‘idek asrash, e’zozlash, himoya qilish har birimizning farzandlik burchimizdir.
Gulsara Qurbonbayeva,
Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i, Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati.
O‘zA