Namangan davlat universitetida “G‘urumsaroy an’anaviy kulolchilik maktabi qadimiy an’analarini qayta tiklash va badiiy kulolchilik ta’lim yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjumanning asosiy maqsadi yurtimizdagi an’anaviy amaliy va qadimiy san’at maktablarini chuqur ilmiy asosda o‘rganish, ularni zamonaviy ta’lim uslublari bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or xalqaro tajriba bilan o‘zaro almashinuvni kuchaytirishdir.

Xususan, Namangan viloyati Pop tumanining G‘urumsaroy kulolchilik maktabi singari tarixiy san’at o‘choqlarining hozirgi ta’lim tizimiga tatbiq etilishi, u orqali estetik tarbiya va milliy qadriyatlar uzviyligining ta’minlanishi bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan.
Konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti va Badiiy akademiyaning yetuk olimlari, yurtimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbir xalqaro maqomda o‘tkazilgan bo‘lib, unga Qirg‘iz Respublikasi, AQSH, Slovakiya, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlardan taniqli san’atshunoslar, pedagog olimlar, madaniyatshunoslar ham qo‘shildi. Ularning bir qismi Namanganga tashrif buyurib qatnashgan bo‘lsa, ko‘pchilik xorijlik mehmonlar onlayn tarzda kuzatuvda bo‘ldi. Bu raqamli vositalar orqali xalqaro ilmiy hamkorlikning yangi darajaga chiqqanidan dalolat beradi.
Tadbir doirasida tasviriy san’at ta’limida an’anaviy va zamonaviy yondashuvlarning integratsiyasi, amaliy san’at, badiiy kulolchilikni o‘qitishdagi zamonaviy metodikalar va muammolar, musiqa san’ati va uning o‘qitilishida innovatsion yondashuvlar, professional san’at ta’limi tizimidagi islohotlar va ularning ijodiy yechimlari singari dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ma’ruzachilar tomonidan xalq san’ati merosi asosida san’at ta’limini qayta ko‘rib chiqish, o‘quv dasturlarini boyitish va amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlarni joriy etish borasidagi takliflar ilgari surildi. Mazkur xalqaro anjuman G‘urumsaroy kulolchilik maktabi kabi tarixiy madaniy markazlarni ilmiy asosda tiklash, ularni zamonaviy san’at ta’limiga uyg‘unlashtirish va shu yo‘l bilan milliy merosimizni tanitish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA