French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gurlanda qishloq xo‘jaligi barqaror rivojlanmoqda
14:15 / 2025-09-12

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugun bu yutuqlarni aniq misollarda ko‘rish mumkin.

Xorazm viloyatining Gurlan tumani azaldan dehqonchilik va bog‘dorchilikka tayanib kelgan hudud sifatida keyingi yillarda sezilarli darajada rivojlandi. 

Zamonaviy agrotexnologiyalar, suv tejovchi tizimlar, issiqxonalar qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Fermerlar endi nafaqat ichki bozorni, balki eksportni ham yo‘lga qo‘ygan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki besh oyida Gurlan tumanidan xorijga 17,8 million AQSH dollarilik tovar va xizmatlar eksport qilindi. Bu viloyat umumiy eksportining 11,6 foiz ulushini tashkil etadi. tumanda eksport hajmi o‘tgan yilning davriga nisbatan 53 ga ko‘paydi. Eksportning asosiy qismi esa qishloq ho‘jaligi mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

– Tumanda joriy yilda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari asosiy maydonlari 24 ming 425 gektarni tashkil qilmoqda,– deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rasul Matkarimov. – Shundan, 9 ming 800 gektarni paxta, 3 ming 800 gektarni g‘alla, 955 gektarni sabzavotlar, 728 gektarni kartoshka, 695 gektarni poliz ekinlari , 3 ming gektarni sholi va 333 gektar yer maydonini boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari egallaydi. Bundan tashqari, 1 ming 271 gektar yer maydonida bog‘lar, 141 gektar yer maydonida tokzorlar tashkil qilingan. 

[gallery-25271]

Tuman aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi o‘rganilganda bir yil davomida 5 ming 928 tonna go‘sht, 6 ming 722 tonna kartoshka, 2 ming 572 tonna guruch, 12 ming 450 tonna meva, 1 ming 560 tonna uzum, 2 ming 358 tonna piyoz, 2 ming 416 tonna sabzi va 12 ming 152 tonna boshqa sabzavot mahsulotlariga talab mavjudligi aniqlangan.

– Aholining arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, fermer xo‘jaligimiz iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash maqsadida g‘alla va boshqa ekinlardan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekinlar ekkanmiz, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, “Gulimmat Qahramon” fermer xo‘jaligi rahbari Gulimmat Haytimmatov. – Ushbu maydonlarga asosan ozuqa ekinlari, sabzavot, kartoshka hamda sholi ekkanmiz. Takroriy ekinlar qisqa muddatda hosil berishi, yer va suv resurslaridan unumli foydalanish imkonini yaratishi bilan ahamiyatli. Bu esa nafaqat ichki bozordagi mahsulot ta’minotini yaxshilaydi, balki fermerlar daromadini ham oshiradi.

Bugun bu hududda yaratilayotgan ish o‘rinlari, o‘sayotgan eksport salohiyati va zamonaviy agrotexnologiyalar keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan eng katta yutuqlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Tumanda qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunanda organizmlariga qarshi kurashishning zamonaviy tizimi joriy qilingan. Sohani innovatsion rivojlantirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari va ilmiy- tadqiqot institutlari taniqli olim va mutaxassislari bilan qishloq xo‘jaligining melioratsiya, urug‘chilik, paxtachilik, o‘simliklar himoyasi sohalari bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilgan. 

Bundan tashqari, yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish yuzasidan tumanda jami 1 ming 729 nafar yoshga 370 gektar ekin yer maydonlari ajratib berilishi ta’minlandi. 
Buning natijasida ajratib berilgan maydonlarda qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirilib, kam ta’minlangan aholi qatlamining daromadi oshishiga zamin yaratiladi. Natijada mazkur xonadonlarda o‘rtacha daromad 45-50 mln so‘mni tashkil qiladi.
Mazkur sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali hududda energiya taqchilligi qoplanishi ta’minlanishiga qaratilgan chora-tadbirlar ham olib borilayotir. Tumandagi 217 ta fermer xo‘jaligining qariyb 80 foiz maydonlarini sug‘orishda fotoelektrostansiyalaridan foydalanmoqda. Bugungi kunda o‘rnatilgan quyosh panellari tuman bo‘yicha 9 ming KVt elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Umuman, Gurlan tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsiyalar natijasida tumanning iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligi va eksport salohiyati barqaror o‘smoqda.

Ahmadjon Shokirov, 
Behzod Saidov (surat), O‘zA