Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulshanning go‘zal orzulari
17:53 / 2014-09-23

Namanganlik Gulshan Mahmudova 1991-yil 1-sentabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgan sanada birinchi sinfga qabul qilindi. Bundan u cheksiz g‘ururlanadi.

Xizmat taqozosi bilan maktabgacha ta’lim muassasasidan tortib oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan barcha ta’lim-tarbiya dargohlarida yoshlarning turli tadbirlarida qatnashamiz. Shunday uchrashuvlarda yoshlarimizning ingliz, nemis, fransuz yo boshqa biror xorijiy tilda biyron-biyron so‘zlashayotganini ko‘rib, havasimiz keladi. Ularning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirgan barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayayotganidan qalbimiz faxr-iftixorga to‘ladi.

Bizning o‘quvchilik yillarimizda “chet tili” degan fan nomigagina o‘qitilar, haftada bir marta o‘tiladigan fransuz tili o‘qituvchimiz kirill alifbosida yozdirib, o‘zbekcha gapirganidan maktabni bitirganda ham “bonjur” so‘zini takrorlashdan nariga o‘tmaganmiz.

Bugun-chi? Aksariyat bog‘cha bolasi ham ona tilidan tashqari ingliz yo boshqa biror xorijiy tilda dona-dona so‘zlaydi, qiynalib bo‘lsa-da, fikrini tushuntirib bera oladi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida ro‘y berayotgan tub islohotlar, xususan, davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.

Namanganlik Gulshan Mahmudova 1991-yil 1-sentabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgan sanada birinchi sinfga qabul qilindi. Bundan u cheksiz g‘ururlanadi.

– Vatanimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritgan kuni ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ygan “qaldirg‘och”lardan biri ekanimdan faxrlanaman, – deydi Gulshan. – Ayni paytda buni ulkan mas’uliyat sifatida qabul qilaman. Negaki, Prezidentimiz o‘zlarining har bir chiqishlari, nutq va ma’ruzalarida navqiron avlodga katta ishonch bildirib, hamisha marrani yuksak olib yashashga da’vat etadi. Mana shu ishonch, ana shu marraga munosib bo‘lish mas’uliyati bizni yanada ko‘proq izlanish, o‘rganish va mehnat qilishga undaydi.

Namangan davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini bitirib, viloyat markazidagi 6-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida faoliyat boshlagan yosh pedagog qisqa muddatda yuqori natijalarga erishdi. O‘z kasbiga mehri balandligi, izlanuvchan va tirishqoqligi bois tez orada nafaqat tuman, balki viloyat xalq ta’limi tizimida ham hurmat-e’tibor qozondi.

2012-yilda “Kompyuter texnologiyalarini o‘qitishda zamonaviy usullar” mavzusidagi dars ishlanmasi bilan AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi grant loyihasini qo‘lga kiritdi va Shimoliy Karolina shtatida uch oy malaka oshirib qaytdi.

O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan xalqaro konferensiyalarda “Ingliz tili darslarida videomateriallardan foydalanish”, “Baholashning muqobil yo‘llari” kabi mavzulardagi ma’ruzalari xorijlik mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Endi uni xorijda tashkil etiladigan ilmiy anjumanlarga taklif eta boshlashdi. Masalan, joriy yilning yanvar oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada “Ingliz tilida komputer texnologiyalarini o‘qitish” mavzusidagi ma’ruzasi mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Izlanish, maqsad sari qat’iy intilish asosiy shiori bo‘lgan Gulshan joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

– Bularning barchasi mustaqillik sharofati, Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimini izchil takomillashtirish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish, pedagog xodimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning samarasidir, – deydi G.Mahmudova.