O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoir G‘ulom Mirzoning “Ey, Oy!” nomli “Saylanma” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitob she’r ixlosmandlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, deyish mumkin. Mana, shoir kitob debochasida qanday niyatlar qiladi:
Osmondan yog‘sa yomg‘ir,
shiftdan tomadi chakka.
Kenglik qilganda g‘alvir,
yuk tushadi elakka.
G‘amlarga bo‘kmasin she’r,
yalinaman yurakka...
“Saylanma”dan shoirning so‘nggi yillarda yozgan yangi she’rlari salmoqli o‘rin egallaydi. Shuningdek, undan “Taayyun raqamlari” va “Oyparast dil” (2023 yil), “Otamning bog‘i” (2019), “Qalb tomchilari” (2010), “Oftobga qaytaman” (2008), “Unitilgan hur” (1997), “Yaxshi ham siz borsiz” (1994) kabi she’riy to‘plamlariga kirgan she’rlari ham joy olgan.
Shoirning ko‘p qavatli uy – “dom”dagi manzara aks etgan “Armon” nomli she’ri bolalik xotiralarini yodga soladi:
To‘qqiz qavatli bino,
bo‘g‘otli ayvoni yo‘q.
“Qush inin buzmoq – gunoh”, –
deydigan kayvoni yo‘q.
Chuqurlaydi qaldirg‘oya,
qo‘nmoqqa makoni yo‘q.
“Tuxum qo‘y, polopon och”,
deyar mehriboni yo‘q.
Go‘yo bahor tugamas;
umrning poyoni yo‘q.
Go‘yo Nuh kemasi yo‘q,
pashsha va iloni yo‘q.
Qaldirg‘och panoh bo‘lgan
olis ul zamoni yo‘q.
Go‘yo intiqom olgan
Xudoning to‘foni yo‘q..
Chirqillaydi qaldirg‘och,
bo‘g‘otli ayvonim yo‘q...
G‘ulom Mirzo she’riyati tashbeh, majoz, timsol va o‘xshatishlarga boy. Shoir ko‘plab she’rlarida oyga murojjat qiladi. Hatto oldin chiqqan kitoblarining birini ham “Oyparast dil” deb ham nomlaydi.
Shoir uchun Oy – ramz, obraz. G‘ulom Mirzo shoir Salim Ashur ta’biri bilan aytganda, keyingi yillarning ijtimoiy muhitida yangi she’rning shakllanishiga o‘z ijodi bilan ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shayotgan so‘z ustalaridan.
Oy, yuzlaring – ko‘nglimdek tiniq,
Seni sevib qolganim aniq.
Shuning uchun uchrashuvga chiq,
diydoringga yetkazgin, qani.
Ora ko‘p uzoqlik, dedilar;
yuzingni ham dog‘lik, dedilar;
Seni yerga bog‘liq dedilar –
shubhalarni ketkazgin, qani.
Sen – ko‘lmisan, cho‘milgim kelar;
og‘ushingga ko‘milgum kelar;
yo g‘o‘linsan, shimigim kelar –
kel, o‘zingni tutqazgin, qani.
Yana meni chalg‘itasan Sen,
ummonlarni qalqitasan Sen.
Qachongacha toq o‘tasan Sen –
nozlaringni bitkazgin, qani.
Oy, yuzlaring – ko‘nglimdek tiniq....
G‘ulom Mirzoning “Ey, Oy!” nomli “Saylanma”sini, albatta, o‘qing. Undagi o‘zbekona ruh, toza nafasdan qalbingiz yuksalayotganini his qilasiz.
A.Narzulloyev, O‘zA