Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlament va xalqimizga Murojaatnomasi global beqarorlik, texnologik o‘zgarishlar va jahon iqtisodiyoti transformatsiyasi sharoitida davlat rivojlanishining muhim yo‘nalishlarini belgilab bergan dasturiy hujjat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Murojaatnomaning asosiy g‘oyasi – inson va uning salohiyatiga ustuvorlik berish. Prezident ta’kidlaydiki, iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni kamaytirish, aholi farovonligini oshirish fuqarolarning bilim, ko‘nikma va kasbiy harakatchanligiga sarmoya kiritmasdan imkonsiz.
Murojaatnomada keltirilgan raqamlar – kambag‘allik darajasining pasayishi, bandlikning o‘sishi, ta’lim va kasbiy tayyorgarlikdan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi – ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar barqaror natija bera boshlaganidan dalolat beradi. Biroq, siyosiy «messej» yanada teranroq: davlat nafaqat ish o‘rinlarini yaratish, balki bu ish o‘rinlarini to‘ldiradigan inson kapitalining sifati uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda.
Mehnat bozori kelajagiga bag‘ishlangan qismi alohida e’tiborga loyiq. Prezident amalda tan olmoqda: an’anaviy bandlik modellari eskirmoqda. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar nafaqat alohida kasblarni, balki iqtisodiy jarayonlarning mohiyatini ham o‘zgartirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda kasblarning katta qismi avtomatlashtirilishi haqidagi bayonot ogohlantirish emas, balki harakatga da’vatdir. Davlat yechimni taklif qilmoqda: ta’lim, texnologiyalar va malakalar yagona tizim sifatida ishlaydigan mehnat bozorining yangi me’morchiligini shakllantirish.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi uchun bu aynan shunday sharoitlar uchun kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish – fanlararo muhitda ishlay oladigan, yangi texnologiyalarni o‘zlashtira oladigan va nafaqat milliy, balki global miqyosda ham raqobatbardosh bo‘la oladigan mutaxassislarni yetishtirish demak.
Axborot texnologiyalari (AT), sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi muhim siyosiy ahamiyatga ega. Murojaatnomada texnologik rivojlanish nafaqat iqtisodiyot, balki suverenitet masalasi ekani aniq ko‘rinib turibdi.
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, boshqaruvga sun’iy intellektni joriy etish, byurokratiyani kamaytirish – bular insonga, shaffoflik va samaradorlikka yo‘naltirilgan davlatning yangi modeli unsurlari. Ammo, bu jarayonlarni texnologiyani nazariy jihatdan emas, balki amaliy jihatdan tushunadigan kadrlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi bugungi kunda axborot texnologiyali, katta ma’lumotlar bazalari bilan ishlash (data science), sun’iy intellekt, muhandislik va raqamli boshqaruv sohasidagi yosh mutaxassislarni yetakchi xorijiy universitetlarda o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash orqali ushbu muammolarni hal qilishga hissa qo‘shmoqda. Bu tarqoq tashabbuslar emas, balki texnologik davlatning kadrlar poydevorini shakllantirishga qo‘shilgan hissa.
Murojaatnomaning muhim siyosiy signali – korrupsiyaga qarshi kurashga kampaniya emas, tizimli vazifa sifatida qaralmoqda. Prezident raqamli vositalar, shaffof tartib-qoidalar va davlat xizmatini professionallashtirishga urg‘u bermoqda. Xalqaro ma’lumot, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari va mas’uliyat axloqiga ega kadrlar bunday o‘zgarishlarning asosiy resursi bo‘lib qolmoqda.
Aynan shu yerda «El-yurt umidi» jamg‘armasining roli ta’lim funksiyasidan tashqariga chiqadi. Jamg‘arma davlatning korrupsiyaga qarshi siyosatining kompetentlik, ochiqlik va hisobdorlikka asoslangan yangi boshqaruv madaniyatini shakllantirish unsuriga aylanadi.
Murojaatnoma, shuningdek, ta’lim «yumshoq kuch» vositasi va O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim qismiga aylanayotganini tasdiqlaydi. Nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik, shu jumladan, Yaponiyaning Sukuba universiteti bilan loyihalar nafaqat akademik tashabbuslar, balki davlat kelajagi uchun strategik investitsiyadir.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi uchun bu akademik diplomatiyaning rolini kengaytirishni anglatadi: uzoq muddatli hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi, qo‘shma dasturlar va bilimlarni uzatish mexanizmlari shakllantiriladi. Bular mamlakatga islohotlar, innovatsiyalar va yangi boshqaruv qarorlari ko‘rinishida qaytadi.
Umuman olganda, Prezident Murojaatnomasini yetuk islohotchilik kun tartibining yana bir yirik siyosiy manifesti, deb baholash mumkin. Asosiy e’tibor nafaqat o‘zgarishlarga moslasha oladigan, balki ularni shakllantira oladigan bilimlar, texnologiyalar va insonlarga qaratilmoqda.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi Prezident belgilagan asosiy sohalar: axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, fan, tibbiyot, koinot, davlat boshqaruvi va innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash orqali o‘z vazifasini ushbu ustuvor yo‘nalishlarni amalda joriy etishda ko‘radi.
Umuman aytganda, ta’lim va inson salohiyati uyg‘unligida kelajakka ishonch bilan qaraydigan va jahon miqyosida munosib o‘rin egallashga qodir bo‘lgan Yangi O‘zbekiston shakllanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA