O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli musavvir va adiba Gulnora Rahmonning “Yolg‘iz yo‘lovchi” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan adibaning “Qora sharpaning o‘limi”, “Yangi yil oqshomi”, Birgina ko‘rsam edi”, “Umidli dunyo” kabi bir qator sara hikoyalari joy olgan.
Gulnora Rahmon – eng avvalo, musavvir. Chizgan kartinalarida adabiy bo‘yoqlar ustuvorligi yaqqol ko‘rinib turishi shundan. Hikoyalarining ko‘ngilga yaqinligi, ilk satrlaridanoq “jiz” etib qalbingizni yondirishi ham shundan. Obrazlar – qahramonlar hayoti, fe’l-atvori tabiiy, voqealar ishonchli, haqqoniy aks etgan.
Eng muhimi, adiba qahramonlari hayotini mehr bilan tasvirlaydi. Siz ularni bir qarashda taniysiz – shunday yon-atrofingizda yurgan, yashayotgan zamondoshlar – bugungi kun odamlari.
Hikoyalar shuni ko‘rsatadiki, adibaning o‘z uslubi bor. Buni mutolaa jarayonida tezda ilg‘aysiz. Uning yutuqlaridan yana biri – murakkab falsafiy fikrlarni ham sodda, yurakka yaqin tarzda ifodalay oladi va bu o‘quvchiga ma’qul bo‘ladi.
Kitobga atoqli adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh so‘zboshi yozgan.
Unda shunday e’tiroroflar bor:
“Bu hikoyalar g‘oyat qiziqarli syujeti hamda tasvirdagi samimiyati tufayli o‘qirman e’tiborini tortib, darrov uning ko‘nglidan joy oladi...
Kitobga kirgan ko‘pchilik hikoyalarning qahramonlari ko‘ngli to‘g‘ri, niyati ezgu va intilishida sobit bo‘lgani bois o‘quvchi muhabbatini qozonadi. Ko‘ngillari tozaligi, yomonlikka qo‘l bera olmasligi va yengishlarga eltuvchi yo‘l, albatta, hayotiy qiyinchilik va sinovlar orqali o‘tishini bilgan mazkur qahramonlar o‘zlarining jozibasi bilan kishi qalbini zabt etadi”...
Zukko singchi Qozoqboy Yo‘ldoshning bu fikrlari o‘quvchini hikoyalarni bir-bir o‘qib chiqishga da’vat etadi...
Gulnora Rahmonning “Yolg‘iz yo‘lovchi” nomli hikoyalar to‘plamini, albatta, o‘qing.
O‘zA